Huawei qurilmalari uchun HarmonyOS 6 taqdim etildi

23-iyun 2025 12:07 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
HarmonyOS 6 tizimining beta-versiyasi qachon taqdim etildi / Foto: Huawei

Huawei 20-iyun kuni bo‘lib o‘tgan yillik konferensiyasida HarmonyOS 6 operatsion tizimining beta-versiyasini taqdim etdi. Bu haqda Gizmochina xabar bermoqda. Qaror kompaniyaning Androiddan butunlay voz kechgan ikkinchi asosiy tizimi hisoblanadi.

Yangi versiyada sun’iy intellekt, dasturchi vositalari va tizim ekotizimini kengaytirishga katta e’tibor qaratilgan. Markaziy yangiliklardan biri – HMAF (Harmony Agent Framework) tizimi bo‘lib, u HarmonyOS uchun sun’iy intellekt agentlari modelini taqdim etadi.

Huawei’ga ko‘ra, HMAF tizimi an’anaviy agentlardan farqli ravishda tizimli tushunish, rejalashtirish va bajarishni birlashtiradi.

Foto: Samijon Juraqulov / Kursiv Uzbekistan

Tizim 20 trillion token hajmidagi ma’lumotlar bazasida o‘qitilgan. HMAF boshqa ishlab chiquvchilar agentlarini ham HarmonyOS tizimiga integratsiya qilish imkonini beradi. Bu foydalanuvchilarga ilovalar orasida qo‘lda harakat qilmasdan avtomatik xizmat olish imkonini taqdim etadi.

Konferensiya davomida Huawei rahbari Richard Yu HarmonyOS ekotizimi haqida so‘z yuritdi. Unga ko‘ra, bugungi kunda tizimda 30 mingdan ortiq ilova va xizmatlar mavjud. Shuningdek, OpenHarmony ochiq kodli platformasi asosida 1 200 dan ortiq dasturiy mahsulotlar yaratilgan.

Huawei – Xitoyning yirik texnologik kompaniyasi bo‘lib, telekommunikatsiya uskunalari, smartfonlar va sun’iy intellekt texnologiyalari ishlab chiqaradi. Kompaniya 1987-yilda tashkil etilgan va hozirda global miqyosda faoliyat yuritadi. Huawei o‘zining HarmonyOS operatsion tizimi, 5G texnologiyasi va innovatsion mahsulotlari bilan tanilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Huawei Pura80 smartfonida qanday chip o‘rnatilgani ma’lum bo‘lgani haqida yozgan edi.

Shuningdek