Yangiliklar

O‘zbekiston BMTning elektron hukumatlar rivojlanish darajasi bo‘yicha global reytingida 24 pog‘onaga yuqoriladi

Sun’iy intellektga tayyorlik bo‘yicha xalqaro indeksda esa 17 pog‘onaga ko‘tarilgan
Rasm ChatGPT yordamida sayqallangan / Manba: Depositphotos

O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT)ning elektron hukumatlar rivojlanish darajasi bo‘yicha global reytingida 24 pog‘onaga yuqoriladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyevning BMTning Davlat xizmati bo‘yicha Forumi ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida qayd etildi.

Xalqaro ekspertlar ishtirokida «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Islohotlarning har bir xonadonga yetib borishini ta’minlash uchun «mahallabay» ishlash tizimi joriy etildi. Shu bilan birga, manzilli ijtimoiy ko‘mak va himoya tizimi mustahkamlandi. Xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ishtiroki 35 foizga yetdi va bu ko‘rsatkich bo‘yicha O‘zbekiston mintaqada yetakchi o‘ringa chiqdi.

Bugungi kunga kelib 700 dan ortiq davlat xizmatlari «yagona darcha» tamoyili asosida onlayn platformalar orqali ko‘rsatilmoqda. Raqamlashtirish jarayonlari natijasida O‘zbekiston BMTning sun’iy intellektga tayyorlik bo‘yicha xalqaro indeksda esa 17 pog‘onaga ko‘tarildi.

Davlat fuqarolik xizmatini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida malakali va iqtidorli kadrlarni tayyorlash bo‘yicha maxsus klaster tashkil etilib, professional davlat xizmatchilari korpusi shakllantirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Qashqadaryodagi texnoparkda $400 mlnlik 35 ta loyiha ishga tushirilishi haqida yozgan edi.