O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston jun hamda charm mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi

O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston jun, charm va aralash to‘qimalardan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Hamkorlik loyihalarini ishga tushirish bo‘yicha hujjatlar ikki davlat biznes forumi doirasida imzolandi. Bu haqda O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi (ISSV) xabar berdi.
Yangi korxonalar O‘zbekiston hududida ochilishi ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, tomonlar konchilik sohasidagi yirik qazilma konlarini o‘zlashtirish, elektr jihozlari va qurilish materiallari ishlab chiqarishda hamkorlik qilish masalalarini muhokama qilgan.
Davlatlar qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, o‘g‘itlar, maishiy texnika, poyabzal va boshqa tovarlar savdosini kengaytirish bo‘yicha aniq takliflar bildirdi. Mo‘g‘uliston Bosh vaziri o‘rinbosari Saynbuyangiyn Amarsayxan O‘zbekistondagi investitsion muhitni yuqori baholab, vatandoshlarini qo‘shma loyihalarga sarmoya kiritishga chaqirdi.
Biznes-forum prezident Shavkat Mirziyoyevning Mo‘g‘ulistonga tashrifi oldidan Ulan-Bator shahrida bo‘lib o‘tdi. Tadbirda ikki mamlakatdan 300 dan ortiq xususiy kompaniyalar va davlat idoralari vakillari ishtirok etdi.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekiston Mo‘g‘ulistonga Qirg‘iziston va Xitoy orqali yuk tashish yo‘nalishini ishga tushirgani haqida xabar bergandi.