Qimor reklamalari uchun to‘rt blogerga nisbatan chora ko‘rildi

Raqobat qo‘mitasi tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinayotgan reklamalarning qonunchilikka muvofiqligi bo‘yicha to‘rt blogerga nisbatan choralar ko‘rildi.
Tahlillar davomida yuz minglab obunachiga ega blogerlar o‘z sahifalarida noqonuniy tarzda bukmekerlik xizmatlarini targ‘ib qilgani aniqlandi.
Xususan, «Melbet» bukmekerlik tovar belgisi va qimor o‘yinlarini targ‘ib qiluvchi sahna ko‘rinishlari bilan reklama joylashtirgan blogerlar quyidagilar:
- Shodiyev Jasurbek G‘ulomjon o‘g‘li (jasjannew),
- Normamatov Dadabek Baxrom o‘g‘li (allme.uz),
- Raxmatov Sherxon Lutfullo o‘g‘li (sherxon.zdss),
- Xasanboyev Xojiakbar Zulxaydar o‘g‘li (hojiakbar_ku).
Mazkur qonunbuzarlik holatlari bo‘yicha blogerlar belgilangan tartibda ma’muriy javobgarlikka tortildi va hujjatlar sudga yuborildi.
Raqobat qo‘mitasi «Reklama to‘g‘risida»gi Qonun talablarini eslatib o‘tdi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston hududida qimor o‘yinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni reklama qilish qat’iyan man etiladi va bunday reklama javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan YouTube noqonuniy qimor kontentlariga cheklovni kuchaytirgani haqida xabar bergan edi.