TBC Bank Gollandiya kompaniyasidan 12,5 million dollar jalb qildi

TBC Bank gollandiyalik Triple Jump investitsiya kompaniyasidan $12,5 million miqdorida yangi moliyaviy resurslar jalb qildi. Bu haqda Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qildi.
Moliyalashtirish ikki fond hisobidan taqdim etilgan:
- $5 million — Global Gender-Smart Fund (GGSF) tomonidan,
- $7,5 million — ASN Microkredietpool orqali ajratildi.
Mazkur mablag‘lar O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznes (KO‘B)ni kreditlash, moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirishga yo‘naltiriladi. Shuningdek, ayollar va ayollar boshchiligidagi tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
«Triple Jump bilan hamkorlik yanada mustahkamlanmoqda. Bu kelishuv orqali kredit portfelimizdagi muhim segment — KO‘B kreditlarini kengaytirish imkoniga egamiz. Asosiy maqsadimiz — O‘zbekistonda zamonaviy va inklyuziv moliyaviy xizmatlar orqali milliy iqtisodiyot o‘sishini rag‘batlantirish», — dedi TBC Uzbekistan bosh direktori Nika Kurdiani.
Mazkur kelishuv natijasida Triple Jump’ning kompaniya oldidagi umumiy majburiyatlari $22,5 millionga yetdi. 2024-yil noyabr oyida GGSF tomonidan $10 millionlik, 2025-yil aprelida esa Shveytsariyaning Blue Orchard investori tomonidan ham shunga o‘xshash shartnoma imzolangan edi. Shu tariqa, bank ulgurji moliyalashtirishni strategik yo‘nalish sifatida davom ettirmoqda.
«TBC Bank raqamli xizmatlarni aholining barcha qatlamlari uchun ochiq qilish yo‘lida muhim qadamlar qo‘ymoqda. Biz bu jarayonda ularni qo‘llab-quvvatlashdan mamnunmiz», — dedi Triple Jump moliya institutlari direktori Jarri Yung.
Avvalroq «Kursiv» TBC Capital O‘zbekistonda «Tartibga solish qumdoni» ishtirokchisiga aylangani haqida yozgandi.
Ushbu maxsus rejim doirasida TBC Capital global kastodianlar, xalqaro depozitariylar, xorijiy investorlar hamda investitsiya vositachilari uchun vositachi sifatida faoliyat yuritadi. Shuningdek, O‘zbekiston qimmatli qog‘ozlar bozoriga yirik portfel investitsiyalarini jalb qilish imkoniyatini beradi.
Ma’lumot uchun, kompaniya — Gruziyaning TBC Bank AJ tarkibiga kiruvchi sho‘ba korxona hisoblanadi. TBC Bank Group PLC esa LSE (London fond birjasi)da ro‘yxatga olingan kompaniya bo‘lib, TBC Capital uning 100 foizlik sho‘ba korxonasidir.
Shuningdek, «Kursiv» nashri TBC Bank Group O‘zbekiston uchun $200 millionlik obligatsiyalar chiqargani haqida yozgandi.