
TBC Capital (Gruziya) kompaniyasi O‘zbekiston kapital bozorida «Tartibga solish qumdoni» maxsus huquqiy rejimi ishtirokchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi. Bu haqda Istiqlolli loyihalar milliy agentligi xabar berdi.
Ushbu maxsus rejim doirasida TBC Capital global kastodianlar, xalqaro depozitariylar, xorijiy investorlar hamda investitsiya vositachilari uchun vositachi sifatida faoliyat yuritadi. Shuningdek, O‘zbekiston qimmatli qog‘ozlar bozoriga yirik portfel investitsiyalarini jalb qilish imkoniyatini beradi.
Ma’lumot uchun, kompaniya – Gruziyaning TBC Bank AJ tarkibiga kiruvchi sho‘ba korxona hisoblanadi. TBC Bank Group PLC esa LSE (London fond birjasi)da ro‘yxatga olingan kompaniya bo‘lib, TBC Capital uning 100 foizlik sho‘ba korxonasidir.
So‘nggi yillarda kompaniyani Global Finance jurnali 2024 va 2025-yillarda Gruziyaning eng yaxshi investitsiya banki, shuningdek, Markaziy va Sharqiy Yevropada eng yaxshi obligatsiyalar chiqaruvchi tashkilot deb e’tirof etgan. 2023-yilda esa Euromoney nashri kompaniyani mamlakatning eng yaxshi investitsiya banki sifatida tan olgan.
Avvalroq «Kursiv» nashri TBC Bank Group O‘zbekiston uchun 200 million dollarlik obligatsiyalar chiqargani haqida yozgandi.
Uch yillik sintetik obligatsiyalar o‘zbek so‘mida taqdim etilib, hisob-kitoblar AQSh dollarida amalga oshiriladi. Kupon stavkasi – so‘mda 22 foiz.
«Biz O‘zbekistonda biznesimizning jadal o‘sayotganini ko‘rib, obligatsiyalar chiqarilishi orqali investitsiyalarni jalb etayotganimizdan mamnunmiz. Investorlarning ishonchi va bozordagi salohiyat Guruhning ommaviy maqomidan samarali foydalanish imkonini beradi. Ishonchim komilki, TBC Uzbekistan daromadli o‘sishni davom ettiradi va Guruh natijalariga sezilarli hissa qo‘shadi», – deydi TBC Bank Group bosh direktori Vaxtang Butskhrikidze.
Emissiya bir nechta transhlarda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda $140 millionlik, qolganlari esa 12 – 18 oy davomida $60 million hajmida chiqariladi. Obligatsiyalar Avstriyaning Vienna MTF platformasida joylashtiriladi.
Shuningdek, TBC Bank sun’iy intellektga asoslangan bank xizmatlarini yo‘lga qo‘ygani haqida xabar berilgandi.