Yangiliklar

Tramp Eron rahbariyati o‘zgarishi ehtimolini istisno qilmadi

Xabar AQShning Eron yadroviy obyektlariga bergan hujumidan bir kun o‘tib e’lon qilindi
Amerika prezidenti TruthSocial nashrida shunday bayonot bilan chiqdi. Foto: Unsplash

AQSh prezidenti Donald Tramp o‘zining Truth Social tarmog‘idagi xabarida Eron rahbariyatining o‘zgarishi mumkinligini inkor etmadi. Bu post AQShning Eron yadroviy obyektlariga bergan hujumidan bir kun o‘tib e’lon qilindi.

«Rejim almashinuvi degan ibora siyosiy jihatdan to‘g‘ri emas, lekin agar hozirgi eronlik rahbarlar Eronni yana buyuk qila olmasa, unda nega rejimni o‘zgartirmaslik kerak??? MIGA (Make Iran Great Again – «Eronni yana buyuk qilaylik»)», – deb yozdi Tramp.

1925-yildan 1979-yilgacha Eronni Pahlaviylar sulolasidan bo‘lgan shohlar boshqargan. 1979-yilda Muhammad Reza Pahlaviy Eron Islomiy inqilobi natijasida ag‘darilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, 22-iyun kuni kechasi AQSh Eronning asosiy yadroviy inshootlariga zarba berdi. Hujumda B-2 rusumidagi harbiy samolyotlar va Tomahawk raketalari qo‘llanilgan. Hujum Isfahon, Natanz va Fordodagi uchta strategik obyektga yo‘naltirilgan. Tramp so‘ngra AQSh xalqiga murojaat qilib, agar Eron muzokaralarga rozi bo‘lmasa, yangi hujumlar uyushtirilishini ma’lum qilgan.

Eron esa bu hujumga javob berishini bildirgan. Tehron AQShni urush boshlab yuborganlikda ayblagan. Shuningdek, Eron parlamenti Hormuz bo‘g‘ozini yopish tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan, biroq bu qaror mamlakat Xavfsizlik kengashi tomonidan ham tasdiqlanishi kerak.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Eron AQShga teraktlar bilan tahdid qilgani haqida yozgandi.