Yangiliklar

Uran geosiyosat va yadroviy ambitsiyalar fonida qimmatlashmoqda

Bu O‘zbekiston uchun foydali bo‘lishi mumkin
Foto: www.depositphotos.com

Spot bozorida uran narxi bir funt uchun $75 ga yetdi, bu 20-iyun kuni yakunlangan hafta davomida 7 foizdan ko‘proq o‘sishni ko‘rsatdi. Tahlilchilar narxlarning oshishini investitsiya fondlari tomonidan talabning tiklanishi, atom energetikasini rivojlantirish bo‘yicha global tashabbuslar, shuningdek, Yaqin Sharqdagi mojaroning kuchayishi bilan bog‘lamoqda. Bu haqda «Kommersant’» gazetasi xabar bermoqda.

Uran narxining oshishi sabablari

Investitsiya fondlari faol xaridlarni qayta boshladilar. Xususan, Sprott Physical Uranium Trust Kanada investitsiya bankidan $100 mln oldi.

AQSh 2050-yilgacha yadroviy energetika quvvatlarini 4 barobar oshirish rejalarini e’lon qildi. AQSh, Isroil va Eron o‘rtasidagi mojaro ta’minot barqarorligi borasidagi xavotirlarni kuchaytirdi.

Dinamika

Energy Intelligence va Numerco ma’lumotlariga ko‘ra, uran 2024-yil dekabr oyidan beri birinchi marta bir funt uchun $75 gacha qimmatlashgan. Yanvar oyida narxlar bir funt uchun $70 dan pastga tushdi, ammo mart oyidan boshlab yana ishonch bilan ko‘tarila boshladi va taxminan 20 foizga oshdi.

Jahon yadro assotsiatsiyasi (WNA) ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston tabiiy uran yetkazib berish hajmi bo‘yicha dunyoda beshinchi o‘rinda turadi. Shunday qilib, uran narxining oshishi mamlakat uchun ushbu metallning jahon bozorida yangi imkoniyatlar ochadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan mamlakat urani bir yil davomida Sankt-Peterburg orqali Fransiyaga tashilishi haqida xabar bergan edi.