
Ijtimoiy tarmoqlarda UzAuto Motors avtomobillaridan birining juda yuqpa materialdan qilinganligiga oid tasvirlar tarqaldi. Kursiv Uzbekistan nashri UzAuto Motors avtomobillari qanday sifat tekshiruvlaridan o’tkazilishi bo‘yicha «O‘zavtosanoat» AJ matbuot xizmatiga so‘rov yubordi.
Ijtimoiy tarmoqda tarqalgan video
«Kafolat faqat vakolatli dilerlar orqali sotilgan avtomobillarga taalluqli bo‘lib, odatiy sharoitlarda foydalanilayotgan avtomobillar uchun 36 oy yoki 100 000 km yurish masofasini tashkil qiladi (avtomobil egasi tomonidan qabul qilingan kundan boshlab hisoblanadi), qaysi biri avvalroq yuz bersa, shu asos bo‘ladi. Avtomobilni to‘g‘ri texnik holatda saqlash va kafolatning saqlanib qolishini ta’minlash uchun, siz avtomobildan foydalanish bo‘yicha barcha qoidalarga, ishlab chiqaruvchi tavsiyalariga va belgilangan texnik xizmat ko‘rsatish reglamentiga amal qilishingiz zarur» — deydi kompaniya axborot xizmati rahbari Javoxir Xodjayev.
«UzAuto Motors» AJ avtomobillarni ishlab chiqarishda xalqaro standartlarga va General Motors’ning individual talablariga mos keluvchi jahon ishlab chiqaruvchilarining metall prokatidan foydalanadi. Korroziyaga chidamliligini oshirish maqsadida barcha tashqi kuzov panellari rux bilan qoplangan po‘latdan tayyorlanishi qayd etilgan.
Kompaniyaning ta’kidlashicha, «UzAuto Motors» AJ zavodlarida ishlab chiqarilayotgan barcha avtomobillar zavoddan chiqishdan oldin kompleks ishlab chiqarish sinovlaridan o‘tkaziladi. Bu jarayon kelib tushayotgan xom ashyo, butlovchi qismlar va ehtiyot qismlar sifatini har tomonlama tekshirishni o‘z ichiga oladi.
«Yakuniy bosqichda avtomobilning asosiy texnik xususiyatlari sinovdan o‘tkaziladi: yurish qismlarining ishlashi, sovitish tizimining samaradorligi, dvigatelning ishlash parametrlari, shovqin darajasi, kuzovning germetikligi, lak-bo‘yoq qoplamasining holati hamda butlovchi qismlarning belgilangan talablarga muvofiqligi tekshiriladi», — deydi Javoxir Xodjayev.
Kompaniya qo‘shimcha ma’lumot sifatida Chevrolet Onix va Chevrolet Tracker avtomobillarining kuzovi haqida tayyorlangan ko‘rsatuvni taqdim etdi. Unda har ikkala modelning tashqi paneli 0,65-0,75 mm qalinlikdagi po‘latdan tayyorlanishi aytiladi. Ichki panellarga esa 0,75-1,44 mm po‘lat materialidan foydalanishi qayd etilgan.
Kompaniya avtomobillar kuzoviga 10 yillik kafolat berishi haqida ham ta’kidlagan.
Tayyor bo‘lgan panellarning payvandlash bosqichlari 3 qismda amalga oshiriladi:
- Nuqtali payvandlash
- Mig brazing
- lazer brazing
Model kuzovlarining tashqi va ichki qismlariga har xil materiallarda foydalanilgani sababli yengillik va yupqalik ta’minlangani aytiladi.
Tayyor bo‘lgan kuzovlar bir kunda 2 marta CMM, TAC,BIW sinovlardan o‘tkaziladi.
Ma’lumot o‘rnida, CMM bu maxsus o‘lchov qurilmasi bo‘lib, mashina detallari yoki qoliplarning aniqligini tekshirishda ishlatiladi. U juda aniq o‘lchovlar qiladi. Detalning chizmaga to‘g‘ri kelishini aniqlaydi. Asosan detallar uch o‘lchamda – uzunlik, kenglik va balandlikda tekshiriladi.
TAC esa avtomobilning ichki va tashqi qismlarini tekshirish uchun mo‘ljallangan. Bu sinovda ularning to‘g‘ri o‘rnatilgani va ishlash sifati nazorat qilinadi.
BIW sinovi avtomobilning metall kuzovining strukturaviy va o‘lcham jihatdan to‘g‘riligini tekshiradi. Bu bosqich mashina ishlab chiqarishda juda muhim. Chunki butun kuzovning mustahkamligi, simmetriyasi va pishitilgan joylari aynan shu paytda baholanadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri yangilangan Chevrolet Cobalt 2025 qachon chiqishi haqida yozgan edi. Unda Cobalt avtomobilining yangi modeli narxi, texnik xususiyatlari, dizayni va chiqarilish muddati haqidagi ma’lumotlar tijorat ma’lumoti hisoblanadi. Yangi modelga oid barcha yangiliklar kompaniyaning rasmiy axborot kanallarida e’lon qilinishi aytilgan.