Yangiliklar

Vazirlar Mahkamasi fuqarolarni soxta chegirmalardan himoya qilmoqchi

Aksiya va chegirmalarni tartibga soluvchi hujjat loyihasi jamoatchilik muhokamasiga taqdim etildi
Vazirlar Mahkamasi fuqarolarni soxta chegirmalardan himoya qilmoqchi. Foto: depositphotos.com

Vazirlar Mahkamasi fuqarolarni soxta chegirmalardan himoya qilishni rejalashtirmoqda. Aksiya va chegirmalarni tartibga solish bo‘yicha hujjat loyihasi jamoatchilik muhokamasiga taqdim etildi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.

Hujjatning ishlab chiqilishiga ayrim sotuvchilarning marketing hiylasi sabab bo‘lgan. Ular tovar yoki xizmat narxini sun’iy ravishda avval oshirib, keyin esa «eski» narxni ko‘rsatib, uni go‘yoki chegirma sifatida taklif qilishmoqda. Hujjat mualliflariga ko‘ra, bu amaliyot iste’molchilar huquqlarining buzilishiga olib keladi.

Vazirlar Mahkamasi tovar chegirmasigacha amal qilgan narx sifatida aksiyadan oldingi 30 kun ichidagi eng past narxni ko‘rsatishni taklif qilmoqda.

Shuningdek, sotuvchilar xaridorlarga chegirma miqdori, aksiyaning muddati va shartlari haqida aniq va ishonchli ma’lumotlarni taqdim etishga majbur bo‘ladi. Bu ma’lumotlar soliq organlariga ham yuborilishi rejalashtirilmoqda.

Raqobat qo‘mitasi iste’molchilar va sotuvchilarni hujjat loyihasini muhokama qilishda faol ishtirok etishga va takliflar bildirishga chaqirdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan endilikda kuryerlarga ham chek berish huquqi taqdim etilishi haqida yozgandi.