Avto

Xitoyda eng ishonchli avtomobillar reytingi e’lon qilindi

Tadqiqotda 175 ta benzinli model ishtirok etdi
Xitoyda eng ishonchli avtomobillar reytingi e’lon qilindi / Foto: Audi

Xitoyda mahalliy ishlab chiqarilgan eng sifatli va ishonchli avtomobillar reytingi e’lon qilindi. Bu haqda «Avtonovosti dnya» xabar bermoqda.

Tadqiqotda 175 ta benzinli model ishtirok etdi va ular orasidagi nosozliklar bilan bog‘liq salbiy fikrlar tahlil qilindi.

Reytingda birinchi o‘rinni Audi Q6 egalladi. Bu model SAIC Volkswagen kompaniyasiga tegishli va 140 ball to‘plagan (ball qancha kam bo‘lsa, avtomobil shuncha sifatli hisoblanadi). Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarga Honda UR-V (142 ball) va Honda XR-V (143 ball) joylashdi. To‘rtinchi o‘rinda yana bir Audi – Q2L (145 ball), beshinchi o‘rinda esa Honda Avancier (146 ball).

Xitoy brendlari orasida eng yaxshi natijani GAC GS8 (147 ball, 6-o‘rin) ko‘rsatdi. Shuningdek, kuchli o‘nlikka Jetta VS7 (8-o‘rin, 150 ball) va Tank 500 (9-o‘rin, 151 ball) ham kiritilgan.

Foto: Haval

Boshqa Xitoy avtomobillari quyidagi o‘rinlarni egalladi:

  • Haval Dargo – 17-o‘rin (161 ball)
  • Tank 400 – 19-o‘rin (163 ball)
  • Exeed TXL – 23-o‘rin (169 ball)
  • Changan CS35 Plus – 25-o‘rin (171 ball)
  • Tank 300 – 27-o‘rin (173 ball)
  • Changan Uni-K – 34-o‘rin (180 ball)
  • Geely Monjaro – 36-o‘rin (181 ball)

Mazkur reyting Xitoy avtomobil sifati bo‘yicha nufuzli manba – China Automotive Quality Net tomonidan tuzilgan.

Ma’lumot o‘rnida, China Automotive Quality Net — bu Xitoydagi avtomobillar sifati va ishonchliligini kuzatib boradigan rasmiy platforma. U mamlakatda ishlab chiqarilgan yoki sotilayotgan avtomobillar haqida iste’molchilarning fikr-mulohazalarini, shikoyatlarni va nosozliklar bilan bog‘liq ma’lumotlarni yig‘adi hamda tahlil qiladi.

Ushbu tarmoq muntazam ravishda avtomobillar sifati bo‘yicha reytinglar e’lon qiladi va bu natijalar Xitoydagi mashina ishlab chiqaruvchilar hamda xaridorlar uchun muhim ko‘rsatkich hisoblanadi. China Automotive Quality Net’ning asosiy maqsadi – avtomobil sifati nazoratini kuchaytirish va mijozlarning huquqlarini himoya qilishdir.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Buick Electra E5 avtomobili taqdim etilgani haqida yozgan edi.