Buxoroda sifatsiz yoqilg‘i sotgan «zapravka»larga iqtisodiy sanksiya qo‘llanildi

Buxoroda sifatsiz yoqilg‘i sotgan «zapravka»larga chora ko‘rildi. Bu haqda «O‘zenergoinspeksiya» xabar berdi.
G‘ijduvon tumani Sarmijon mahallasida joylashgan «N.O.J.» xususiy korxonasiga qarashli avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasida (AYoQSh) AI-92, AI-95 markali benzin va dizel yoqilg‘isidan namunalar olinib, laboratoriya tahlilidan o‘tkazildi.
Tahlil natijalariga ko‘ra, mazkur yoqilg‘i namunalarining davlat standartlariga javob bermasligi aniqlandi. Holat bo‘yicha Energiya resurslaridan foydalanish haqidagi qonunga asosan 52,6 mln so‘m miqdorida iqtisodiy sanksiya qo‘llanildi.
Shuningdek, mazkur AYoQShda yoqilg‘i tarqatish ustunlari navbatdagi davlat qiyoslov ko‘rigidan o‘tkazilmagan bo‘lishiga qaramay, neft mahsulotlari sotilayotgani aniqlandi.
Sifatsiz neft mahsulotlari qoldiqlarini sotuvga chiqarmaslik va ularning sifatini tiklash yuzasidan ko‘rsatma berildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Farg‘onadagi gaz quyish shoxobchasi 597 mln so‘mlik tabiiy gazni o‘g‘irlagani haqida yozgandi.