Avto

BYD Seal modeli uchun qanday batareya o‘rnatiladi

BYD
Birinchi model va uning texnik tavsifi hali rasmiy e’lon qilinmagan
BYD
BYD Seal modeli uchun qanday batareya o‘rnatiladi / Foto: CarNewsChina

BYD kompaniyasi BYD Seal elektromobiliga qattiq holatdagi (solid-state) batareya o‘rnatilishi haqidagi xabarlarni rad etdi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.

«Bu noto‘g‘ri ma’lumot. Birinchi model va uning texnik tavsifi hali rasmiy e’lon qilinmagan», – deyiladi BYD bayonotida.

Avvalroq BYD bosh texnologiya direktori Sun Xuajun kompaniya ushbu texnologiyani tijoratlashtirishni 2027-yilda boshlashi, keng ommaga esa 2030-yildan keyin taqdim etilishini aytgan edi.

Avvalgi taxminlarga ko‘ra, Seal modelida energiya zichligi 400 Wh/kg bo‘lgan batareya o‘rnatiladi va 12 daqiqalik quvvat bilan 1500 kmgacha yurishi mumkinligi aytilgan edi. Ba’zilar esa hatto 1875 kmgacha yurish imkoniyatini tilga olgan.

Foto: CarNewsChina

BYD ichki sinovlarni o‘tgan yildan beri olib bormoqda. Ular 20Ah va 60Ah sig‘imdagi batareyalarni testdan o‘tkazgan va energiya zichligi hamda tez quvvatlanishda muhim natijalarga erishgan.

Shunga qaramay, kompaniya texnologiyani ommaviy ishlab chiqarishga joriy qilish uchun hali yillar kerakligini ta’kidlamoqda. Shu sababli, BYD tomonidan tasdiqlanmagan har qanday modelga oid da’volarga ehtiyotkorlik bilan qarash tavsiya etiladi.

Foto: CarNewsChina

BYD (Build Your Dreams) – Xitoyning yirik avtomobil va texnologiya kompaniyasi. U 1995-yilda tashkil etilgan bo‘lib, dastlab akkumulyator ishlab chiqarish bilan shug‘ullangan. Keyinchalik kompaniya elektromobillar, gibrid avtomobillar va temir yo‘l transporti ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi.

Bugungi kunda BYD dunyodagi eng yirik elektromobil ishlab chiqaruvchilardan biri hisoblanadi. Kompaniya o‘zining elektr avtomobillari, ayniqsa Qin, Tang, Han va Seal kabi modellari bilan mashhur. BYD elektromobillar bozorida Tesla bilan raqobat qilmoqda va Xitoyda yetakchi o‘rinlarni egallab kelmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri BYD Seagull ikki yilda 1 million dona sotilgani haqida yozgan edi.