Eron hujumidan so‘ng neft narxi tushdi, AQSh fond bozorlari ko‘tarildi

Yaqin Sharqdagi vaziyat keskinlashganiga qaramay AQSh fond bozorlarida ijobiy o‘sish kuzatildi. Bu haqda CNN axborot agentligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Eron tomonidan Qatar va Iroqdagi AQSh harbiy obyektlariga hujum uyushtirilganidan so‘ng investorlar bu javob harakati cheklanadi degan xulosaga kelishmoqda.
AQSh bozoridagi asosiy ko‘rsatkichlardan biri – xom neft narxi bir kunda 7,2% ga tushib, barreli $68,51 ga yetdi. Bu so‘nggi bir necha yil ichida eng katta kundalik pasayishlardan biri bo‘ldi. Ayni paytda Dow Jones 374 punktga, S&P 500 va Nasdaq esa mos ravishda 0,96% va 0,94% ga oshdi.
Mutaxassislar fikricha, hozircha bu mojaro keng ko‘lamli harbiy to‘qnashuvga aylanish ehtimoli past bo‘lib, bu investorlar orasida ishonchni mustahkamladi. Ammo vaziyat yanada murakkablashsa, bu neft ta’minoti, inflyatsiya va global iqtisodiyotga bosim o‘tkazishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQShning Eronga bergan zarbasi bozorlarga qanday ta’sir ko‘rsatgani haqida yozgan edik.