FIFA Ijroiya futbol sammitida O‘zbekiston vakillari ham ishtirok etdi

AQShning Mayami shahrida bo‘lib o‘tayotgan FIFA Ijroiya futbol sammitida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi vakillari ham qatnashmoqda.
Mazkur sammit FIFA tomonidan har yili tashkil etiladi va dunyo futbolining eng muhim muloqot platformalaridan biri hisoblanadi. U FIFA prezidenti, konfederatsiyalar va milliy assotsiatsiyalar rahbarlarini birlashtiradi.
Bu yilgi tadbirda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov va bosh kotib Avaz Maksumov ishtirok etmoqda.

Sammit doirasida bolalar, o‘smirlar va ayollar futboli, FIFA musobaqalarini tashkil etish, bo‘lajak Jahon chempionati va yoshlar turnirlari kabi mavzular muhokama qilinmoqda.
FIFA prezidenti Janni Infantino O‘zbekiston milliy terma jamoasini ilk bor Jahon chempionatiga yo‘llanma olgani bilan tabrikladi.
Shuningdek, u O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasini FIFA Forward loyihasini muvaffaqiyatli joriy etgan assotsiatsiyalardan biri sifatida alohida e’tirof etdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan FIFA Abduqodir Husanovni tabriklagani haqida xabar bergan edi.