
Samsung kompaniyasining Galaxy Z Flip7 va uning arzonroq versiyasi Z Flip7 FE modellarining dizayni va rang variantlari namoyish etildi. Ma’lum bo‘lishicha, qimmatroq modeldagi o‘zgarishlar faqat tashqi ekran bilan cheklanmaydi.
Xabarga ko‘ra, Galaxy Z Flip7 modeli Blue shadow (ko‘k soyali), Jet black (qora) va Coral red (qizil) ranglarda namoyon bo‘lgan. Qurilmaning muhim yangilanishlaridan biri, to‘rt dyuymli tashqi ekran bo‘lib, u endi orqa paneldagi ikkita kamerani ham o‘z ichiga oladi. Bu o‘tgan yilgi Z Flip6 modelidagi 3,4 dyuymli ekranga nisbatan sezilarli o‘sishdir.




Shuningdek, yangilangan dizayn Flip7 modeliga tashqi ekranida to‘liq Android ilovalarini ishga tushirish imkonini berishi mumkin. Biroq Samsung bu imkoniyatni hali rasmiy tasdiqlamagan. Renderlarga yaqinroq qaralganda, Flip7 oldingi modelga qaraganda yupqaroq ekani ko‘rinadi. Ochilgan holatda qurilma qalinligi taxminan 6,4-6,5 mm, Flip6 modeli esa 6,9 mm edi.
Bundan tashqari, Flip7 modelida Exynos 2500 chipi va 4174 mA·soat sig‘imli akkumulyator bo‘lishi kutilmoqda. Qurilma 25 Vt tezkor zaryadlashni qo‘llab-quvvatlaydi.



Arzonroq Galaxy Z Flip7 FE esa avvalgi Z Flip6 dizaynini saqlab qoladi va xabarga ko‘ra Exynos 2400e protsessorida ishlaydi.
Bu modelda 3700 mA·soat sig‘imli akkumulyator bo‘lishi kutilmoqda (solishtirish uchun, Flip6 modelida bu ko‘rsatkich 4000 mA·soat edi). Kamera tizimi esa 12 MP asosiy kamera, 12 MP ultra-keng kamera va 10 MP old kamera bo‘ladi
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Samsung Galaxy S26 modellari 16 GB operativ xotira bilan chiqishi haqida yozgandi.