Gadjetlar

Honor 8000 mA·soatdan kattaroq sig‘imli yangi smartfon taqdim etadi

U HB5668A0EIW modeli ostida ro‘yxatga olingan
Honor kompaniyasi qanday smartfonini taqdim etadi / Foto: Honor

Honor kompaniyasi 8000 mA·soatli Honor Power smartfonini aprel oyida taqdim etgan edi. Endi esa undan ham katta sig‘imli smartfoni ishlab chiqmoqda. Bu haqda GizmoChina ma’lum qildi.

Yangi batareya 8100 mA·soat sig‘imga ega bo‘lib, HB5668A0EIW modeli ostida ro‘yxatga olingan. Uni Sunwoda Electronics va Honor birgalikda ishlab chiqargan. Batareya litiy-ionli polimer turiga mansub. U 3,77 volt kuchlanishda ishlaydi va 4,53 voltgacha quvvat olish imkoniyatiga ega. Mazkur ma’lumot Xitoydagi sertifikatlash bazasida ham qayd etilgan.

Foto: Xitoyning qurilmalarni sertifikatlash saytidan ekran tasviri / Manba: Gizmochina

Yangi qurilma o‘rta toifadagi smartfon sifatida baholanmoqda. Uning nomi va chiqarilish sanasi hali rasman e’lon qilinmagan. Biroq bu Honor Power’ning vorisi bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.

Digital Chat Station axborotiga ko‘ra, yangi qurilma 8200 mA·soat bo‘lish ehtimoli yuqori.

Ma’lumot uchun, Honor Power 6,78 dyuymli OLED ekran, Snapdragon 7 Gen 3 chipi, 66 Vt quvvat oluvchi zaryadlash, 16 MP old kamera va 50+5 MP orqa kamera bilan jihozlangan. U MagicOS 9 va Android 15 asosida ishlaydi.

Shuningdek, Honor Magic V5 nomli bukiluvchi smartfon ham 6100 mA·soatli batareyaga ega bo‘ladi. Bu bukiluvchi qurilmalar orasida eng katta sig‘im hisoblanadi. Qurilmaning qalinligi esa atigi 8,8 mm bo‘ladi.

Foto: Gizmochina

Honor – Xitoyning yetakchi texnologik kompaniyalaridan biri bo‘lib, asosan smartfonlar, planshetlar, «aqlli» soatlar va boshqa elektron qurilmalarni ishlab chiqaradi. Kompaniya dastlab Huawei tarkibida faoliyat yuritgan, biroq 2020-yilda mustaqil brendga aylangan.

Honor o‘z qurilmalarida zamonaviy dizayn, kuchli texnik xususiyatlar va nisbatan hamyonbop narxni uyg‘unlashtiradi. Brend, asosan, yoshlar orasida mashhur bo‘lib, yangi texnologiyalarni tez joriy qilishi bilan ajralib turadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Honor Magic V5 modelining taqdimot sanasini e’lon qilgani haqida yozgan edi.