
Hunnu Air aviakompaniyasi Toshkentga aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yadi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Mo‘g‘ulistonga davlat tashrifi arafasida Ulan-Bator shahrida O‘zbekiston – Mo‘g‘uliston biznes forumi bo‘lib o‘tdi.
Forum doirasida O‘zbekiston transport vazirining birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov Mo‘g‘ulistonning Hunnu Air aviakompaniyasi rahbari Purevjav Munxjargal bilan uchrashdi. Unda Ulan-Batordan Toshkentga to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda Hunnu Air uchun zarur slotlar ajratilishi, tranzit yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish tartibi va mexanizmini muvofiqlashtirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar belgilandi.
Kelishuvga ko‘ra, Hunnu Air aviakompaniyasi 2025-yil sentabr oyida Ulan-Batordan Toshkentga ilk to‘g‘ridan to‘g‘ri parvozni amalga oshirishi rejalashtirilgan.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston jun hamda charm mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi haqida yozgandi.