
Yozgi issiqda AQShda qaysi elektromobillar yaxshi ishlashi bo‘yicha 29,7 mingdan ortiq avtomobilning ishlash ko‘rsatkichlari tahlil qilindi. Bu tahlil Recurrent Auto kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgani haqida Electrek nashri xabar berdi.
Tadqiqotga ko‘ra, 32 daraja issiqda aksariyat elektromobillar bor-yo‘g‘i 5 foizgacha quvvat yo‘qotadi. Biroq harorat 37 darajadan oshganda, yo‘lovchilar uchun konditsioner ishlayotgani sababli quvvat yo‘qotish darajasi 17-18 foizga yetadi.
Eng yaxshi natija ko‘rsatgan elektromobillar
Tahlilga ko‘ra, Audi e-tron issiq havoda 483 kilometr o‘rniga 473 kilometr yo‘l bosgan. Natijada atigi 2 foiz quvvat yo‘qotgan. BMW i4 va Rivian R1S ham shunga yaqin natijalarni ko‘rsatdi. Mos ravishda 484 kilometr va 517 kilometr masofadan 505 kilometrgacha pasaygan.

Hyundai IONIQ 5 va Ford Mustang Mach-E modellarida esa quvvat yo‘qotish darajasi 3 – 5 foiz atrofida bo‘lib, ular mos ravishda 488 kilometrdan 473 kilometrga va 502 kilometrdan 483 kilometrgacha kamaygan.
Tesla Model 3 issiqda 576 kilometrdan 547 kilometrgacha, Tesla Model X esa 560 kilometrdan 526 kilometrgacha pasaygan.
Sezilarli quvvat yo‘qotgan EV’lar
Ba’zi elektromobillarda esa sezilarli quvvat yo‘qotish kuzatildi. Masalan, Chevrolet Blazer EV jazirama issiqda 521 kilometr o‘rniga atigi 428 kilometr yo‘l bosdi. B esa 18 foizlik yo‘qotishni anglatadi.
Kia Niro EV 407 kilometrdan 341 kilometrgacha tushib, 16 foiz quvvat yo‘qotgan. Tesla Model S esa ideal sharoitda 652 kilometr yo‘l bosishi mumkin bo‘lsa-da, issiq ob-havoda bu ko‘rsatkich 560 kilometrgacha kamaydi, ya’ni 14 foizga pasaydi.
«Ekstremal issiqda elektromobillarni juda past quvvatda qoldirmang. Akkumulyator o‘zini sovitish uchun ham quvvat sarflaydi», – deya maslahat berdi tadqiqotchilar.
Mazkur tahlil elektromobil tanlayotganlar uchun yozgi sharoitda ham optimal ishlaydigan modellarga e’tibor qaratishga undaydi. Eng issiq sharoitda sinovdan o‘tgan eng samarali elektromobillar qatorida Audi, BMW va Rivian yetakchilik qilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan yil boshidan beri global elektromobil savdosi 7,2 million donaga yetgani haqida yozgandi.