O‘zbekiston Mo‘g‘ulistonga transport koridori orqali ilk eksport yuk tashuvini amalga oshirdi

«O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy – Mo‘g‘uliston» transport koridori orqali birinchi pilot yuk tashuvi tashkil etildi. Ushbu tashuv O‘zbekiston Transport vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasi hamkorligida o‘tkazildi, deb xabar berdi Transport vazirligi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, mazkur pilot tashuv O‘zbekiston tadbirkorlarining mahsulotlarini yangi bozorga olib chiqish hamda avtomobil transporti orqali yuk tashishning yangi yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish maqsadida amalga oshirildi.
Ushbu transport koridorining ayrim qismlari murakkab relyefga ega bo‘lgan Oltoy tog‘lari orqali o‘tadi va 1500 metr balandlikka ko‘tariladi. O‘zbekiston milliy yuk tashuvchisi ushbu 4500 kilometr masofani 8 kunda bosib o‘tdi.
Mazkur yo‘nalish mamlakatlar o‘rtasidagi eksport-import yuk tashuvlari hajmini oshirish, savdo aloqalarining geografiyasini kengaytirish va mahsulotlarni yetkazib berish muddatini qisqartirishga xizmat qiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Mo‘g‘ulistonning Hunnu Air aviakompaniyasi Toshkentga aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishi haqida yozgandi.