O‘zbekistonlik eksportchilarga favqulodda yordam mexanizmi joriy qilindi

O‘zbekistonda Yaqin Sharqdagi vaziyat sabab yuzaga kelgan eksport va tranzit muammolarini hal etish maqsadida favqulodda yordam mexanizmi joriy qilindi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabar berdi.
Ushbu tizim orqali eksportchilar duch kelayotgan logistika va tashkiliy qiyinchiliklar tezkor ko‘rib chiqiladi. Telegramda @miit_tashqisavdo_bot «Yaqin Sharq mamlakatlariga eksport bilan bog‘liq muammolar» deb nomlangan yangi bot ochildi.
Unda eksportchilar logistika, bojxona rasmiylashtiruvi, tranzit, to‘lovlar va boshqa tashkiliy muammolar haqida murojaat yuborishlari mumkin.
Shuningdek, muammolarga tezkor yechim topish maqsadida Respublika eksport shtabi huzurida koll-markaz tashkil etildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan ushbu Telegram bot ishga tushgani haqida yozgandi.
«Kursiv» nashri koll-markaz bilan bog‘lanib, uning faoliyati haqida ma’lumot oldi. Fuqarolar unga elektr energiyasi, tabiiy gaz, aylanma mablag‘lar, QQS va eksportga oid muammolar yuzasidan murojaat qilishi mumkin.
Arizalar 15 kundan 30 kungacha ko‘rib chiqilib, javob xati yuboriladi yoki mutaxassis bog‘lanadi.
Shuningdek, Adliya vazirligi tomonidan davlat xizmatlari bo‘yicha sun’iy intellektga asoslangan «Odil» chat-boti ishga tushirilgani haqida xabar berilgandi.
Telegram messenjeriga integratsiyalashgan ushbu bot fuqarolarga davlat xizmatlari bo‘yicha ma’lumot olishni osonlashtirish maqsadida ishlab chiqilgan.
Bot’da davlat xizmatlaridan foydalanish tartiblari, talablar va jarayonlar haqida batafsil ma’lumot taqdim etiladi. Shuningdek, kerakli hujjatlar va arizalarni topishga yordam beradi hamda qaysi masala bo‘yicha qayerga murojaat qilish kerakligini tushuntiradi.