
AQSh prezidenti Donald Tramp bu ma’lumotni tasdiqladi, shuningdek, Isroil va Eron o‘rtasida sulh e’lon qilinganini yana bir bor ta’kidladi.
Eronning Press TV telekanali Isroil tomonidan berilgan bir nechta raketa zarbalaridan so‘ng, ikki davlat o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish rejimi kuchga kirganini e’lon qildi.
«Sulh boshlandi», – deyiladi telekanalning Telegram sahifasidagi e’lonida.
Shu bilan birga, AQSh prezidenti Donald Tramp o‘zining ijtimoiy tarmog‘ida Eron va Isroil unga tinchlik istayotganliklarini bildirganini ma’lum qildi.
«Isroil va Eron deyarli bir vaqtda menga murojaat qilib: «Tinchlik!» deyishdi», – deb yozdi Tramp.
Uning aytishicha, har ikki Yaqin Sharq davlati «haqiqiy g‘oliblar» bo‘lib, ularning xalqlari kelajakda «cheksiz MUHABBAT, TINCHLIK va RIVOJLANISH»ni ko‘radi.
Shuningdek, u Eron va Isroil o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish rejimi allaqachon kuchga kirganini e’lon qildi va tomonlarni unga rioya qilishga chaqirdi:
«O‘t ochishni to‘xtatish kuchga kirdi. Iltimos, uni buzmang!», deb yozilgan prezidentning ijtimoiy tarmoqdagi rasmiy sahifasida.
23-iyun kuni kechqurun Eron AQShning Qatardagi va Iroqdagi harbiy bazalariga bir nechta raketa yo‘lladi. Tramp esa bu zarbalarni «zaif» deb atadi. Unga ko‘ra, 14 raketadan 13 tasi urib tushirilgan, yana biri xavf tug‘dirmagani uchun ushlanmagan.
Shundan so‘ng Tramp Eron va Isroil o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilganini e’lon qildi. Kelishuvga ko‘ra, tomonlar o‘z amaldagi operatsiyalarini yakunlagach sulh kuchga kiradi.
«Barchani tabriklaymiz! Isroil va Eron o‘rtasida to‘liq sulhga erishildi (taxminan 6 soatdan so‘ng, Isroil va Eron o‘z amaldagi yakuniy missiyalarini tugatgach). 12 soatga mo‘ljallangan o‘t ochishni to‘xtatish rejimidan so‘ng urush yakunlangan deb hisoblanadi!» – deb yozdi Tramp.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Eron hujumidan so‘ng neft narxi tushib, AQSh fond bozorlari ko‘tarilgani haqida yozgandi.
AQSh bozoridagi asosiy ko‘rsatkichlardan biri – xom neft narxi bir kunda 7,2% ga tushib, barreli $68,51 ga yetdi. Bu so‘nggi bir necha yil ichida eng katta kundalik pasayishlardan biri bo‘ldi. Ayni paytda Dow Jones 374 punktga, S&P 500 va Nasdaq esa mos ravishda 0,96% va 0,94% ga oshdi.