Ulan-Bator shahrida O‘zbekiston mahsulotlari uchun savdo uyi ochildi

Mo‘g‘uliston davlat saroyida Shavkat Mirziyoyev va Mo‘g‘uliston prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux o‘rtasida tor va kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Uchrashuvda tomonlar O‘zbekiston – Mo‘g‘uliston munosabatlarini mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va transport-logistika sohalarida hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi.

Ikki davlat rahbarlari o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, qo‘shma korxonalar tashkil etish, geologiya, qishloq xo‘jaligi, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida yangi loyihalarni yo‘lga qo‘yishga kelishdi. Ulan-Bator shahrida O‘zbekiston mahsulotlari uchun savdo uyi ochildi, O‘zbekiston Geologiya vazirligining vakolatxonasi tashkil etildi.
Prezidentlar, shuningdek, poytaxtlar o‘rtasida aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish, oliy ta’limdagi hamkorlikni kengaytirish hamda madaniy almashinuvlarni davom ettirish borasida ham muhim kelishuvlarga erishdi. Muzokaralar yakunida erishilgan bitimlarni amalga oshirish uchun «Yo‘l xaritasi» ishlab chiqilishi belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Mo‘g‘ulistonga transport koridori orqali ilk eksport yuk tashuvini amalga oshirgani haqida yozgan edik.