Avto

Yangi Kia Seltos yangicha dizayn va past yoqilg‘i sarfi bilan taqdim etiladi

Kia
Old faralar “C” shaklidagi kunduzgi chiroqlar bilan jihozlanadi
kia
Rasm ChatGPT yordamida sayqallangan / Manba: @NYMammoth

Kia kompaniyasining ommabop krossoveri – Kia Seltos avtomobili tez orada yangi avlodda namoyish etiladi. Bu haqda Daily motor xabar bermoqda.

Yangi Seltosning tashqi ko‘rinishi ancha agressiv va zamonaviy bo‘ladi. Old faralar «C» shaklidagi kunduzgi chiroqlar bilan jihozlanadi. Bamper chetlarida esa vertikal chiziqli chiroqlar joylashgan. Shuningdek, mashinaning old panjarasi kattalashadi va ko‘plab havo o‘tkazuvchi teshiklarga ega bo‘ladi. Bu unga yanada bosiqlik va kuchli ko‘rinish beradi.

Yangi modelga gibrid dvigatel o‘rnatilishi kutilmoqda. Bu tizim yoqilg‘i sarfini sezilarli darajada kamaytiradi – taxminan 5,05 litr/100 km atrofida bo‘ladi.

Shuningdek, krossoverning to‘liq uzatma tizimi elektr asosida ishlovchi e-AWD bilan ta’minlanadi. Unda orqa o‘qqa alohida elektromotor o‘rnatiladi.

Kia Seltos avtomobili / Foto: @NYMammoth

Yangi Kia Seltosning rasmiy taqdimoti 2025-yil oxirigacha bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

Kia – Janubiy Koreyada joylashgan, dunyodagi yirik avtomobil ishlab chiqaruvchilardan biri hisoblanadi. Kompaniya 1944-yilda tashkil etilgan bo‘lib, dastlab velosiped va mototsikl qismlarini ishlab chiqargan. Keyinchalik u avtomobil sanoatiga o‘tib, global bozorga chiqqan va hozirgi kunda Hyundai Motor Group tarkibiga kiradi.

Kia o‘z avtomobillarida zamonaviy dizayn, ishonchlilik va qulaylikni uyg‘unlashtirishga katta e’tibor qaratadi. Kompaniyaning modellar qatori turli ehtiyojlarga mo‘ljallangan: ixcham shahar avtomobillaridan tortib, keng oilaviy krossoverlargacha. Sportage, Sorento, Seltos, K5 va EV6 kabi mashinalari global bozorlar, jumladan, O‘zbekiston bozorida ham mashhur.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Kia EV2 avtomobilining Coupe varianti taqdim etilishi haqida yozgan edi.