
Budjet planshetlar tanlovida asosiy e’tibor quvvat, ekran sifati va narx-moslikka qaratiladi. Palach nashri 5 ta eng yaxshi budjet planshetlarni taqdim qildi.
Ekspertlar tomonidan tuzilgan reytingga ko‘ra, budjet toifasidagi eng yaxshi beshta planshet orasida Xiaomi Redmi Pad 2 modeli hamyonbop narxi va yaxshi xususiyatlari bilan ajralib turadi. Ushbu qurilma kuchli o‘yinlar uchun mo‘ljallanmagan bo‘lsa-da, Helio G100 protsessori kundalik foydalanish uchun yetarli darajada ishlaydi. Uning 11 dyuymli, 90 Gs yangilanish chastotasiga ega displeyi kontent tomosha qilishni yanada yoqimli qiladi. 9000 mA/soat sig‘imga ega katta batareya esa uzoq muddatli ishlashni ta’minlaydi. 4 ta karnay yordamida ovoz sifati ham yetarlicha yaxshi.

Huawei MatePad 11.5 S plansheti esa kuchli Kirin 9000WM chipi bilan jihozlangan. Bu model nafaqat ba’zi o‘yinlarni ishga tushira oladi, balki ofis ishlarini bajara oladigan darajada funksionaldir. U stylus va klaviaturani qo‘llab-quvvatlaydi, oldindan o‘rnatilgan ofis dasturlariga ega. 144 Gs chastotali ekrani yuqori sifatni ta’minlaydi. Biroq asosiy kamchiligi – unda Google xizmatlari mavjud emas.

Xiaomi Pad 7 esa o‘yin va ko‘p vazifali ishlash uchun eng yaxshi variantlardan biri sanaladi. Snapdragon 7+ Gen 3 chipi tufayli bu planshet ko‘plab zamonaviy o‘yinlarni bemalol ishga tushiradi. 4 ta kuchli dinamik video va audio kontentdan yuqori darajada bahramand bo‘lish imkonini beradi. 8850 mA/soat batareyasi atigi bir soatda to‘liq zaryadlanadi.

Honor Pad V9 modeli yuqori chastotali 11,5 dyuymli 2,8K ekran va 8 ta karnay bilan jihozlangan bo‘lib, bu planshetni kino tomosha qilish uchun ideal variantga aylantiradi. Dimensity 8350 chipi sinovlarda milliondan ortiq ball to‘plagan. U nafaqat tez ishlaydi, balki zamonaviy o‘yinlarni ham muammosiz bajaradi. Eng ajralib turadigan jihati, 10 100 mA/soat sig‘imli batareyasi kutish rejimida 80 kungacha ishlashi mumkin.

Reytingdagi eng kuchli model esa OnePlus’ning ikkinchi plansheti bo‘ldi. Bu qurilma flagman darajasidagi Snapdragon 8 Gen 3 protsessori, 3K aniqlikdagi displey, Dolby Vision qo‘llab-quvvatlovi va 6 ta dinamik bilan jihozlangan. Unda 9510 mA/soat sig‘imdagi katta batareya mavjud bo‘lib, bu foydalanuvchiga uzoq vaqt davomida qurilmadan uzluksiz foydalanish imkonini beradi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Top – 10 eng yaxshi smartfonlar qaysilar ekanligi haqida yozgan edi.