Biznes-klassga chipta bron qilgan o‘zbekistonliklar soni 36 foizga oshgan

eʼlon qilindi
Har bir parvoz uchun o‘rtacha to‘lov 11,7 million so‘mni tashkil etgan
O‘zbekistonliklarning aksariyati biznes-klass chiptalarini bron qilgan. Foto: Sora yordamida tayyorlandi

Bu yil o‘zbekistonlik yo‘lovchilar orasida o‘tgan yilga nisbatan biznes-klass chiptalarini bron qilish 36 foizga ko‘paygan. Bu haqda Aviasales.uz «Kursiv» nashriga xabar berdi.

Unga ko‘ra, har bir parvoz uchun o‘rtacha to‘lov 11,7 million so‘mni tashkil etgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 9 foizga yuqori.

Eng ko‘p talab yuqori qulaylikni ta’minlovchi yo‘nalishlarga bo‘lmoqda. Ulardan, ayniqsa, Dubay yo‘nalishi ajralib turadi. Bu yo‘nalishdagi chipta narxi 35 foizga ko‘tarilgan.

Shuningdek, Seul va Istanbul yo‘nalishlarida ham sezilarli narx o‘sishi kuzatilgan. Faqatgina Moskva yo‘nalishida chipta narxi 2 foizga kamaygan.

So‘nggi uch yilda qayd etilgan eng qimmat parvozlar esa uzoq masofali va nufuzli yo‘nalishlarga to‘g‘ri kelmoqda. 2023-yilda yanvar – dekabr oylarida Toshkent – Los-Anjeles yo‘nalishida Emirates aviakompaniyasi orqali amalga oshirilgan parvoz uchun to‘lov 121,3 million so‘mga teng bo‘lgan.

2024-yilda ham Toshkent – Pensakola (AQSH) yo‘nalishi 70,3 million so‘mga tushgan bo‘lsa, 2025-yilning dastlabki besh oyida Toshkent – Bolonya yo‘nalishidagi parvoz uchun yo‘lovchilar 64,6 million so‘m sarflagan.

Mutaxassislar bu holatni uzoq parvozlarda qulaylik va vaqt tejalishiga bo‘lgan e’tibor bilan izohlamoqda. Ko‘plab yo‘lovchilar yuqori darajadagi xizmatlar uchun qo‘shimcha to‘lashga tayyor ekanini amalda namoyon etgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Aviasales.uz tahlillariga ko‘ra, 2025-yilgi yozgi mavsumda oilaviy bronlar soni o‘tgan yilga nisbatan 26 foizga oshgani haqida yozgandi.

Eng ommabop yo‘nalishlar ro‘yxatida Istanbul birinchi o‘rinni egalladi. O‘zbekistonliklar bu shaharda o‘rtacha 12 kun dam oladi. Ikkinchi o‘rinda Antaliya bo‘lib, u yerda dam olish muddati 14 kungacha yetmoqda. Uchinchi o‘rindan esa Batumi joy olgan. Sayyohlar bu shaharda o‘rtacha 10 kun qolishni ma’qul ko‘rmoqda.

Shuningdek