
BYD’ning premium brendi Yangwang o‘zining kuchli elektr Yangwang U9 avtomobili bilan 2025-yil iyul oyida Germaniyaning mashhur Nurburgring Nordschleife trekiga yana qaytadi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda. Maqsad — avvalgi natijalarni yangilash.
2024-yilda U9 mashinasi 391,94 km/soat tezlik bilan Xitoy mashinalari orasida rekord o‘rnatgan va Nürburgringda 7 daqiqa 17,900 soniya natijani ko‘rsatgan edi.

Yangi testlar oldidan muhandislik sinov avtomobillari Germaniyaga yetkazildi. Texnik jamoa esa ATP poligonida tayyorgarlik ko‘rganidan so‘ng Nürburgring trekiga chiqadi.
Bu poyga yo‘li dunyodagi eng murakkab trassalardan biri hisoblanadi.
Kompaniya vakillariga ko‘ra, 2024-yil davomida muhim texnologiyalar ustida ishlangan. Natijada kuchli test ma’lumotlari jamlangan va ular U9’ning yuqori darajadagi imkoniyatlarini tasdiqlagan. Bu yilgi sinovlar aynan shu tajriba asosida chuqurroq olib boriladi.
Yangwang vakilining aytishicha, bu sinovlar nafaqat U9 texnologiyasini isbotlaydi, balki Xitoyning yuqori darajadagi avtomobil ishlab chiqarishdagi yutuqlarini ham dunyoga namoyish etadi.

Muhimi shundaki, Yangwang raqobatchilardan farqli o‘laroq, maxsus prototip emas, balki seriyaviy modelga juda yaqin U9’ni ishlatadi. Uning jihozlari va dasturlari faqat ozgina trek uchun moslashtirilgan, lekin barcha o‘zgarishlar ishlab chiqarish standartlariga mos.
U9’ning quvvati 960 kVt (1 287 ot kuchi), maksimal aylanish momenti esa 1 680 Nm. Har bir motor 21 000 aylanish/daqiqaga yetadi. U mashina 0 dan 100 km/soatgacha bor-yo‘g‘i 2,36 soniyada tezlashadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri BYD Seal modeli uchun qanday batareya o‘rnatilishi haqida yozgan edi.