Gadjetlar

Honor Magic V5 ochilmasidan oldin ko‘rsatildi

To‘liq rasmiy ma’lumotlar 2-iyul kuni e’lon qilinadi
Honor Magic V5 ochilmasidan oldin ko‘rsatildi / Rasm Sora SI yordamida sayqallangan / Manba: GSMArena

Honor Magic V5 hali rasmiy taqdimotga chiqmagan bo‘lsa-da (2-iyulga belgilangan), qurilma haqida videolar paydo bo‘ldi. Bu haqda GSMArena xabar berdi.

Qutida 66 vattlik zaryadlovchi, USB A-to-C kabel va himoya g‘ilof bor. G‘ilof orqa panel va mentešaga to‘liq yopishadi, lekin old ekranni qoplamaydi. Kamera atrofida halqa mavjud bo‘lib, u tayanch (kickstand) vazifasini bajaradi.

Rasm Sora SI yordamida sayqallangan

Magic V5 buklangan holatda 8,8 mm, yozilgan holatda esa atigi 4,1 mm qalinlikda. Kamerasi orqa tomonda ancha yirik, lekin avvalgi Magic V3’dan kichikroq.

Rasmiy og‘irligi 217 gramm deb ko‘rsatilgan. Ammo videodagi tarozida u 224 gramm chiqdi – ehtimol, bunga oldindan o‘rnatilgan ekran himoyasi sabab. G‘ilof og‘irligi esa 29 gramm, umumiy og‘irlik 253 grammga yetadi.

Qurilma dizayni qizil, oltin va qora ranglardan iborat. Orqa panel esa qizil sun’iy teri bilan qoplangan, kamera atrofida oltin hoshiyalar bor.

Menteşa bahorli tizimga ega, ya’ni telefonni ochib-yopish oson. Uni 70° yoki 90° burchakda ochiq holatda ham ishlatish mumkin.

Magic V5 Snapdragon 8 Leading Edition chipi va 6 100 mA/soat sig‘imli batareyaga ega. Unda uchta 50 MP kamera bo‘ladi (ba’zi manbalarga ko‘ra, telefoto moduli 64 MP bo‘lishi mumkin). Tashqi ekran 6,45 dyuym, ichki ekran esa 8 dyuym. Qurilma IP68/IP69 himoya darajasiga ega bo‘lishi mumkin.

To‘liq rasmiy ma’lumotlar 2-iyul kuni e’lon qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Honor 8000 mA·soatdan kattaroq sig‘imli yangi smartfon taqdim etishi haqida yozgan edi.