
Mazda 365 ot kuchiga ega sportkar ishlab chiqaradi. Bu haqda Speedme xabar berdi.
Yorqin dizaynga ega bo‘lgan Mazda Iconic SP yangi Miata’dan alohida model sifatida ishlab chiqariladi. U kattaroq, kuchliroq va qimmatroq bo‘ladi.
Brendning muhandislik bo‘limi rahbari bu yangilik MX-5’ga qaraganda yuqoriroq toifaga mansub bo‘lishini va RX-7’ning «merosxo‘ri» sifatida qaralayotganini aytdi. Bu esa kompaniya ikki sportkarni bir vaqtning o‘zida ishlab chiqarishga jur’at qilayotganini anglatadi. Bu esa cheklangan resurslarga ega brend uchun kutilmagan, jasoratli qaror.
Iconic SP o‘lchamlari ham uning maqomini tasdiqlaydi. U Miata’dan 26 sm uzunroq va deyarli 12 sm kengroq, biroq faqat ikki o‘rinli bo‘lib qoladi. Konsept model kapoti ostida – 365 ot kuchiga ega elektromotor va uni quvvatlaydigan ikki rotorli ichki yonuv dvigateli joylashgan.
Mazda hattoki rotorli dvigatelni to‘g‘ridan to‘g‘ri g‘ildiraklarni aylantirish uchun ishlatish variantini ham ko‘rib chiqmoqda. Bunday yechim oxirgi bor RX-8 davrida qo‘llanilgan edi.
Avtomobil bozoridagi unifikatsiya va krossoverlarga bo‘lgan ortiqcha e’tibor fonida bu juda jasoratli va zarur qaror. Ayniqsa, Miata ham saqlanib qoladi. Yangi MX-5 mexanik uzatmalar qutisi, orqa uzatma va yengil vazn kabi klassik xususiyatlarini saqlaydi.
Yangi Iconic SP narxi $50 mingdan yuqori bo‘lishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Mazda EZ-60 elektromobili uchun 30 mingdan ortiq oldindan buyurtma berilgani haqida yozgandi.