
Mazda kompaniyasi yangi Mazda EZ-60 elektromobili uchun 30 mingdan ortiq oldindan buyurtma tushganini e’lon qildi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.
Oldindan savdo 2025-yil aprel oyida boshlangan edi. Rasmiy taqdimot esa 2025-yil sentabr oyiga rejalashtirilgan.
Mazda ushbu modelni Xitoyda Changan kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqmoqda. EZ-60 Mazda’ning Xitoy bozoridagi elektromobil strategiyasining muhim qismiga aylandi.

Mazda avvalroq EZ-6 sedanini taqdim etgan edi. Bu model 2024-yilda chiqarilgan. Joriy yil boshida Mazda 600 dona EZ-6 avtomobilini Belgiya tomon eksport qilgan. Bu kompaniya tarixidagi birinchi yirik elektromobil eksporti bo‘ldi.
EZ-60 uchun o‘zgacha oldindan buyurtma tizimi joriy etilgan. Xaridorlar atigi 10 yuan (1,40 AQSh dollari) to‘lab ro‘yxatdan o‘tadi. Har kuni bu miqdor yana 10 yuanga oshadi. Biroq mijoz avtomobil sotuvga chiqqanidan keyin 7 kun ichida uni xarid qilishi kerak. Aks holda, faqat dastlabki to‘lov qaytariladi, yig‘ilgan bonuslar bekor bo‘ladi.

Raqamlarga ko‘ra, buyurtmachilarning 76 foizi 25 – 40 yoshdagi shaxslardan iborat. Ularning 71 foizi Xitoyning yirik shaharlari – birinchi va ikkinchi darajali hududlarda istiqomat qiladi. Bu esa Mazda maqsad qilgan shahar aholisi orasida model katta qiziqish uyg‘otganini ko‘rsatadi.
EZ-60 ikki xil kuch tizimi bilan taqdim etiladi. To‘liq elektr versiyada 258 ot kuchiga ega orqa g‘ildirakli elektromotor va 77,9 kVt/soatli batareya mavjud. Bu versiya Xitoy CLTC standartiga ko‘ra 600 km masofani bosib o‘tadi.

Ikkinchi – kengaytirilgan masofali versiyada ham xuddi shu elektromotor bor, lekin u 1,5 litrli benzinli dvigatel bilan to‘ldiriladi. Bu model faqat elektr toki bilan 160 km yuradi, so‘ng benzinli dvigatel ishga tushadi.
Har ikki versiya bir xil o‘lchamlarga ega: uzunligi 4 850 mm, kengligi 1 935 mm, balandligi 1 620 mm, g‘ildiraklar bazasi esa 2 902 mm. Modelda zamonaviy funksiyalar ham mavjud.
Eslatib o‘tamiz, Mazda EZ-60 elektromobili qachon sotuvga chiqishi ma’lum bo‘lgani haqida yozgan edi.