Meta va Apple Perplexity sun’iy intellekt startapiga qiziqish bildirmoqda

Meta va Apple sun’iy intellektga ixtisoslashtirilgan Perplexity startapini sotib olish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Bloomberg nashri ma’lum qildi.
Bloomberg’ning xabar berishicha, Meta aprel-may oylarida kompaniya bilan muzokaralar olib borgan, ammo kelishuvga erishilmagan. Apple esa ichki muhokamalarda Perplexity xaridini muhokama qilgan.
Ma’lumot uchun, Perplexity – AI asosida ishlovchi qidiruv tizimi bo‘lib, foydalanuvchilarga aniq va manbali javoblar taqdim etadi. Kompaniya kengaytirilgan xizmatlar uchun obuna asosida ish olib boradi va yangi AI brauzer ustida ham ishlamoqda.
Texnologik gigantlarning Perplexity’ga bo‘lgan qiziqishi AI sohasidagi keskin raqobat va innovatsion yutuqlarga bo‘lgan ehtiyoj bilan izohlanmoqda. Shu bilan birga, startap ayrim nashrlar tomonidan mualliflik huquqlarini buzishda ayblanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Apple o‘zining Apple Vision Pro foydalanuvchilari uchun visionOS 26 yangilanishini taqdim etgan edi.