O‘zbekiston Mo‘g‘ulistonga 200 ming dollarlik qishloq xo‘jaligi mahsuloti eksportini rejalashtirmoqda

O‘zbekiston Mo‘g‘ulistonga 200 ming dollarlik qishloq xo‘jaligi mahsuloti eksportini rejalashtirmoqda. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabar berdi.
O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Mo‘g‘uliston Oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi va yengil sanoat vaziri Jadambe Enxbayar bilan uchrashdi.
Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikning yangi yo‘nalishlari bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi. Mo‘g‘ulistonda sug‘oriladigan yerlar faqat bir foiz (100 ming gektar) ni tashkil qilishi inobatga olinib, bu boradagi salohiyat to‘liq ishlatilmayotgani ta’kidlandi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston bu boradagi tajribasi bilan o‘rtoqlashishga tayyor ekanini bildirdi. Tomonlar sabzavot, poliz ekinlari, kartoshka va g‘allani moslashtirish, yetishtirish va seleksiya qilish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib oldi.
Hamkorlikning dastlabki bosqichida Mo‘g‘ulistonga 15 xil qishloq xo‘jaligi ekinining sinov namunalarini yuborish rejalashtirilgan. Sinovlar muvaffaqiyatli o‘tsa, eksport hajmini $200 minggacha yetkazish mo‘ljallanmoqda. Bundan tashqari, «O‘zbekiston – Mo‘g‘uliston do‘stlik bog‘i» loyihasi doirasida 5 gektarlik maydon uchun 10 ming dona sovuqqa chidamli mevali va rezavor daraxt ko‘chatlari yetkazib beriladi.
Sug‘orish texnologiyalari sohasida ham muhim kelishuvlarga erishildi: O‘zbekiston kam suv sarflovchi tizimlarni 10 gektardan kam bo‘lmagan maydonda joriy etish uchun $25 ming miqdorida texnologik yordam ko‘rsatadi. Ushbu loyiha doirasida Mo‘g‘uliston suv xo‘jaligi sohasi mutaxassislari O‘zbekistonga tashrif buyuradi.
Yana bir muhim yo‘nalish — malaka oshirish dasturlari, ilmiy izlanishlar va akademik mobillik bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish. Xususan, 50 nafar o‘zbekistonlik talabalar Mo‘g‘ulistonda tahsil oladi, 10 nafar mo‘g‘ulistonlik professor esa Samarqandda amaliyot o‘taydi.
Bundan tashqari, Mo‘g‘uliston – Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston logistika yo‘lagi orqali 100 ming bosh qo‘y va echkini yetkazib berish rejasi ham ko‘rib chiqilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan O‘zbekiston Mo‘g‘ulistonga transport koridori orqali ilk eksport yuk tashuvini amalga oshirgani haqida yozgandi.