
Qozog‘istonda Chevrolet avtomobillarining turli jihozlanishdagi modellari sezilarli darajada arzonlashdi. Bu haqda Kursiv Kazakhstan xabar berdi. Narxlar ro‘yxatidagi o‘zgarishlarga xaridorlar e’tibor qaratgan, keyinroq bu ma’lumotni rasmiy distribyutor ham tasdiqladi.
Jumladan, Chevrolet Cobalt’ning Optimum AT komplektatsiyasidagi narxi 8,2 mln tengedan (197 mln so‘m) 7,3 mln tengega (175 mln so‘m) tushgan. Onix’ning mexanik uzatmalar qutisiga ega bazaviy modeli 7 mln tengega (168 mln so‘m) arzonlashtirilgan.
Tracker krossoverining boshlang‘ich narxi esa 10 mln tenge (240 mln so‘m) atrofida belgilandi.
Chevrolet brendining Qozog‘istondagi rasmiy vakillari bu qarorni bozor sharoitlarini hisobga olgan holda muntazam narx siyosatini qayta ko‘rib chiqish doirasida qabul qilinganini bildirdi.
«Bu o‘zgarishlar mijozlarimiz uchun Chevrolet avtomobillarini yanada qulay va arzon qilishga qaratilgan», – deyiladi kompaniya bayonotida.
Shuningdek, ular brendga bo‘lgan ishonchni saqlab qolish va raqobatbardosh takliflarni ta’minlash muhimligini ta’kidladilar.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda Cobalt ishlab chiqarish o‘sishi sekinlashgan edi.