Saida Mirziyoyeva va Teach For All asoschisi ayollar huquqlari haqida suhbatlashdi

25-iyun kuni O‘zbekiston prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva xalqaro Teach For All harakati asoschisi Vendi Kopp bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda tomonlar Markaziy Osiyoda ta’limni rivojlantirish, xotin-qizlar huquqlarini ilgari surish masalalarini hamda mintaqada shakllangan muvaffaqiyatli tajribalarni xalqaro miqyosda joriy qilish imkoniyatlarini muhokama qildi.

O‘zbekiston o‘tgan yildan boshlab Teach For All global tarmog‘ining to‘laqonli a’zosiga aylandi. Mamlakatda ushbu tarmoq doirasidagi Teach For Uzbekistan tashabbusi faoliyat yuritmoqda.
Mirziyoyeva Teach For Uzbekistan loyihasini ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlarning muhim tarkibiy qismi sifatida baholab, ayniqsa, olis hududlardagi minglab bolalar hayotini yaxshilashda loyiha katta ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Saida Mirziyoyeva prezident Administratsiyasi rahbari lavozimiga tayinlangani haqida yozgandi.