
Markaziy bank va Omonatlarni kafolatlash agentligi bilan birgalikda sanatsiya qilish jamg‘armasini tashkil etadi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Bu jamg‘arma muammoli banklarni sog‘lomlashtirish (ya’ni sanatsiya qilish) jarayonida moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni ta’minlaydi.
Markaziy bank sanatsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qilinishidan oldin bankning aktivlari, majburiyatlari va balansdan tashqari moddalari bo‘yicha baholash o‘tkazilishini ta’minlaydi.
Baholash natijasida bankni tugatish taklifi berilganda, aksiyadorlar va kreditorlar duch keladigan zarar miqdori aniqlanadi. Shuningdek, sanatsiya amalga oshirilgach, ularning ko‘rgan haqiqiy zararlari ham hisoblab chiqiladi. So‘ng ularning o‘rtasidagi farq hisoblanadi.
Shu bilan birga, Markaziy bank sanatsiya jarayonidagi bank tuzgan ayrim shartnomalar bo‘yicha to‘lov va o‘tkazmalarni to‘xtatishga haqli bo‘ladi. Bu to‘xtatish muddati olti haftagacha davom etishi mumkin.
Shuningdek, banklar faoliyati endilikda ixtiyoriy yoki majburiy tugatish shaklida yakunlanadi.
Agar bank to‘lovga qobiliyatli bo‘lsa va yaqin muddatda to‘lovga qobiliyatsizlik xavfi bo‘lmasa, u holda bank ixtiyoriy tarzda tugatilishi mumkin. Bunda Markaziy bankning roziligi talab etiladi.
Majburiy tugatish esa faqatgina tizimli ahamiyatga ega bo‘lmagan banklarga nisbatan qo‘llaniladi. Bu jarayon Markaziy bank boshqaruvining bank litsenziyasini bekor qilish va uni tugatish haqidagi qaroriga asoslanadi.
Bank majburiy tarzda sud orqali yoki sudsiz tartibda tugatiladi. Shu bilan birga, majburiy tugatilayotgan bankning aktiv va majburiyatlarini boshqa bankka o‘tkazish yoki ularning sotilishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan banklarni sanatsiya qilish va tugatish tartibi belgilangani haqida yozgandi.
Ushbu hujjat banklar, bank guruhlari hamda bank aksiyalarining nazorat paketiga ega bo‘lgan xolding kompaniyalarga nisbatan qo‘llaniladi. Sanatsiya va tugatish bo‘yicha vakolatli organ – O‘zbekiston Markaziy banki hisoblanadi.