Toshkentda fuqaro Nil timsohini noqonuniy saqlayotgani aniqlandi

Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro tomonidan uy sharoitida bir dona Nil timsohi qonunga zid tarzda saqlab kelingani aniqlandi. Bu haqda Ekologiya vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Vazirlik huzuridagi Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv davomida mazkur holat tasdiqlangan. Natijada fuqaro Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 921-moddasi 1-qismiga asosan javobgarlikka tortilib, uning nomiga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Holat yuzasidan tuzilgan hujjatlar sud organlariga yuborilgan.
Aniqlangan Nil timsohi esa Toshkent hayvonot bog‘iga topshirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga ko‘ra, 2025-yil 1-yanvardan boshlab yovvoyi hayvonlarni jismoniy shaxslar tomonidan tutqunlikda saqlash va ularni tomosha maqsadlarida ishlatish taqiqlangan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Qizil kitob»dagi echkiemarga «nosvoy» chektirgan yigitga 1,5 million so‘m jarima solingani haqida yozgandi.