Urganchda prokuratura tergovchisi pora bilan qo‘lga tushdi

Urganch shahar prokuraturasining katta tergovchisi mansab vakolatidan foydalangan holda jinoyat ishini yopib berish evaziga fuqarodan 3 ming AQSh dollari miqdorida pora talab qilganlikda gumon qilinmoqda. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, 2025-yil 16 – 28-may kunlari u fuqarodan 1 ming, 10 mln so‘m, 1 dona seyf ($1 ming) va 1,3 mln so‘mlik ish stoli jamlanmasini firibgarlik yo‘li bilan olgan. Biroq jinoyat ishi sudga yuborilgani ma’lum bo‘lgach, fuqaro oldin berilgan pullar va buyumlarni qaytarishni talab qilgan.
Tergovchi ularni qaytarayotgan vaqtda DXX va viloyat prokuraturasi xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq DXX Nukusda bir necha poraxo‘rlik holatlari fosh etilgan edi.