
2025/2026-o‘quv yili uchun oliy ta’limga bakalavriat bosqichiga 732 ming 411 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi xabar berdi.
Aksariyat abituriyentlar o‘zbek tilida hujjat topshirgan bo‘lsa, rus va qoraqalpoq tillarini tanlaganlar ham sezilarli bo‘ldi.
Shuningdek, ro‘yxatdan o‘tganlarning gender tarkibida ayollar soni erkaklarnikidan ko‘proq ekani kuzatildi. Ya’ni 386 ming nafardan ortiq qizlar va 346 mingdan ortiq yigitlar hujjat topshirgan.
Test sinovida ishtirok etish uchun to‘lovni bugun, 26-iyun kuni soat 23:59 ga qadar amalga oshirish lozim. Aks holda ro‘yxatdagi abituriyent testga kiritilmaydi.
Yillar kesimida abituriyentlar soni
Oxirgi yetti yil ichida oliy ta’lim muassasalariga ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar soni yil sayin o‘zgarib kelgan bo‘lsa-da, joriy yilda bu ko‘rsatkich eng past darajaga tushdi.
Taqqoslash uchun, 2019-yilda abituriyentlar soni 1 million 66 mingdan oshgan. 2020-yilda bu raqam rekord darajada – 1 million 484 ming nafarga yetgan edi.
2021-yilda esa 948 mingdan ortiq abituriyentlar ro‘yxatdan o‘tgan. Keyingi yillarda bu ko‘rsatkich 1 million atrofida bo‘lib, 2022-yilda 1 million 214 ming, 2023-yilda esa 1 million 18 mingni tashkil etdi.
2024-yilda bu raqam 894 minggacha kamaygan bo‘lsa, 2025-yilda esa yana keskin pasayib, 732 ming atrofida qayd etildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan yuridik litsey bitiruvchilarini test sinovisiz o‘qishga qabul qilish tartibi belgilangani haqida yozgandi.