
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Farg‘ona viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda MChJ rahbari bir fuqaroning ishonchiga kirib, uni Angliyaga ishga yuborish va viza hujjatlarini tayyorlab berish evaziga $1,9 mingni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Shuningdek, tergovga qadar tekshiruv davomida fuqaro 7 nafar shaxs bilan ham shunday yo‘l tutib, jami $10,5 mingni qo‘lga kiritgani aniqlanib, ushbu pullar hisobidan 114,2 mln so‘mning qaytarilishi protsessual tartibda rasmiylashtirildi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon va Toshkent viloyatlarida imtiyozli kreditga doir firibgarlik holatlari fosh etilgan edi.