
Xitoyda Geely Galaxy A7 PHEV avtomobili dilerlarga yetkazildi. Uning rasmiy sotuvi 2025-yilning uchinchi choragida boshlanishi kutilmoqda. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.
Avtomobil Geely Electric Architecture (GEA) platformasida ishlab chiqilgan va EM-i AI Super Hybrid 2.0 tizimi bilan jihozlangan. To‘liq zaryad va yonilg‘i bilan avtomobil 2100 km masofani bosib o‘ta oladi. Boshlang‘ich narxi $14 ming atrofida bo‘ladi.
Galaxy A7 zamonaviy tashqi ko‘rinishga ega. Old qismida 196 ta elementdan iborat LED chiroqlar o‘rnatilgan. 19 dyuymli disklar, xrom bezaklar va aerodinamik orqa chiroqlar uning dizaynini ajratib turadi. Avtomobil o‘lchamlari 4918x1905x1495 mm, g‘ildirak bazasi esa 2845 mm. U Toyota Camry va Honda Accord kabi mashinalar bilan bir toifaga kiradi.

Salon zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan. Markazda 15,4 dyuymli 2,5K ekran bor.
Bundan tashqari, 12,3 dyuymli raqamli panel va 16,6 dyuymli proyeksion displey mavjud. Flyme Sound audio tizimi 16 ta dinamika bilan ishlaydi. Shuningdek, ikki dona 50 Vt quvvatli simsiz zaryadlovchi ham mavjud. G-Pilot H3 tizimi avtomatik haydovchi yordam funksiyalarini taqdim etadi.
Gibrid tizim 1,5 litrli 110 ot kuchiga ega benzin dvigateli va 235 ot kuchiga ega elektromotordan iborat.
Mashina 100 km/soat tezlikka 7,1 soniyada chiqadi. Akkumulyatorning ikki xil talqini mavjud: 8,5 va 18,4 kVt-soat. Ular elektrda mos ravishda 70 va 150 km yo‘l yurishni ta’minlaydi. Yoqilg‘i sarfi 100 kmga atigi 2,67 litrni tashkil qiladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Geely kompaniyasi yangi avtomobilini taqdim etgani haqida yozgan edi.