
Huawei kompaniyasi bir necha hafta oldin Xitoyda taqdim etgan Huawei Pura 80 smartfonlar seriyasini tez orada xalqaro bozorga olib chiqadi. Bu haqda kompaniya ma’lum qildi.
Seriyaga to‘rt model kiradi: Pura 80, Pura 80 Pro, Pura 80 Pro+ va Pura 80 Ultra. Kompaniya barcha modellar jahon bozoriga chiqadimi, degan savolga hozircha aniq javob bermagan. Biroq Pura 80 Ultra modeli aniq taqdim etiladi, chunki aynan shu qurilma 10-iyul tadbirining reklamasida aks etgan.
Pura 80 seriyasi hozircha Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida reklama qilinmayapti.
Reklamalar asosan Lotin Amerikasi, Afrika va Osiyo saytlarida paydo bo‘lgan. Bu esa seriya hozircha Yevropada sotuvga chiqmasligini anglatishi mumkin.
Pura 80 Ultra seriyasining eng kuchli modeli bo‘lib, Kirin 9020 protsessori, 1 dyuymli 50 MP kamera va almashuvchi telefoto linzalar bilan jihozlangan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Huawei qurilmalari uchun HarmonyOS 6 taqdim etilgani haqida yozgan edi.