Imtiyozli bemorlar uchun davolanish narxi kamayishi orqali 80 milliard so‘m tejaldi

eʼlon qilindi
2024-yilda
Foto: Jeshoots / Unsplash

Davlat budjeti hisobidan imtiyozli toifadagi fuqarolarga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar narxi optimallashtirildi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, 2023–2024-yillar davomida maxsus tibbiyot markazlari tomonidan taqdim etilgan xizmat narxlari tahlil qilinib, ayrim ortiqcha xarajatlar qisqartirildi. Natijada xizmatlarning bazaviy narxi o‘rtacha 5 – 20 foizgacha pasaytirildi.

2023-yilda ushbu o‘zgarishlar hisobiga 60 milliard so‘m tejaldi. Qo‘shimcha 5 ming bemorga yordam ko‘rsatildi. 2024-yilda esa 80 milliard so‘m iqtisod qilinib, yana 6 mingga yaqin bemor davolanish imkoniga ega bo‘ldi.

Ma’lumot uchun, prezident 2024-yil 5-sentabrdagi qaroriga ko‘ra, sog‘liqni saqlash sohasidagi narxlar va kasalliklar ro‘yxati tegishli vazirlik hamda tashkilotlar bilan kelishilgan holda yangilanmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Davlat tibbiy sug‘urtasi (DTS) O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishning asosiy yo‘nalishi hisoblanishi haqida yozgandi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)ning xalqaro maslahatchisi Aleksandr Katsaga (Kanada) «Kursiv» nashriga DTSni joriy etish jarayoni, asosiy muammolar va xalqaro tajribaning ahamiyati haqida so‘zlab bergandi.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev 14 ta hududda kardiomarkazlar ochishni taklif qilgandi.

«Bu yerda yaratilgan tizimni andoza qilib olib, 14 ta hududimizda shunday klinikalar tashkil etish zarur. Bunga qancha mablag‘ kerak bo‘lsa – topamiz. Faqat buning zamirida xalqimiz uchun kafolatlangan sifatli davolanish bo‘lishi lozim. Muqobillik va raqobat bo‘lmasa, sifatga intilish ham bo‘lmaydi», – dedi davlat rahbari.

Shuningdek