Yangiliklar

Oyatulloh Xomanaiy Eronni Isroil va AQSH ustidan erishilgan «g‘alaba» bilan tabrikladi

«Sionistik rejim amalda yo‘q qilindi», deydi Xomanaiy
Oyatulloh Ali Xomanaiy. Foto: Reuters

Oyatulloh Ali Xomanaiy Eronni Isroil va AQSH ustidan erishilgan «g‘alaba» bilan tabrikladi. Eron oliy rahnamosi X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida kutilmagan tarzda bayonot berib, Eronni g‘alaba bilan tabrikladi.

«Sionistik rejim amalda yo‘q qilindi. U Islom Respublikasining zarbalari ostida tor-mor qilindi», – deydi Xomanaiy.

Shuni ta’kidlash kerakki, bu qarama-qarshilik Eronga ham oson kechmadi. 12 kun davom etgan to‘qnashuvlar chog‘ida Eron 30 dan ortiq generalini yo‘qotdi. Ularning aksariyati – Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IRGC), «Basij» jangchilari hamda razvedka xizmatining yuqori lavozimli ofitserlari bo‘lgan.

Bundan tashqari, Oyatulloh Xomanaiy Eronni AQSH rejimi ustidan erishilgan g‘alaba bilan ham tabriklagan.

«Aziz Eronimizning AQSH rejimi ustidan erishgan g‘alabasi bilan tabriklayman. AQSH rejimi urushga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aralashdi, chunki u sionistik rejim to‘liq yo‘q qilinishidan qo‘rqdi. U bu rejimni saqlab qolish maqsadida urushga kirgan edi, biroq hech qanday natijaga erisha olmadi», deydi u X ijtimoiy tarmog‘ida.

Eron – Isroil mojarosi

Ikki davlat o‘rtasidagi keskinlik 13-iyun kuni ertalab Isroilning Eron yadroviy va harbiy obyektlarga zarba berishi bilan boshlangandi. Tehron bunga javoban Isroil va AQShdan qasos olishga va’da berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Isroil tashqi razvedkasi Eron bo‘yicha hujumni bir necha yil davomida tayyorlagan. «Mossad» Tehron yaqinida yashirin dron bazasini tashkil qilgan.

Mojaro boshlangan kundan boshlab ikki davlat o‘rtasida bir necha bor harbiy hujumlar bo‘lib o‘tdi. Unda ayollar, bolalar va ko‘plab harbiylar halok bo‘ldi.

Sulhdan avval, 23-iyun kuni Janubiy Isroilning Beer Sheva shahrida yashash binosiga raketa tushib, 3 kishi halok bo‘lgan. Isroil Mudofaa kuchlari hujum Eron tomonidan amalga oshirilganini ma’lum qildi.

AQSh prezidenti Donald Tramp mojaro boshlanganidan so‘ng Eron va Isroil deyarli bir vaqtda unga tinchlik bo‘yicha murojaat qilganini aytib, «bu hozir amalga oshishi kerak edi», deb yozdi. Biroq Eron davlat OAVlari sulh «dushmanga majburan yuklatilgani»ni bildirgan bo‘lsa, Eron Tashqi ishlar vaziri hali rasmiy kelishuv mavjud emasligini ta’kidladi. Unga ko‘ra, agar Isroil soat 04:00 ga qadar hujumlarni to‘xtatsa, Eron ham harbiy javoblarni to‘xtatadi. Yakuniy qaror esa keyinroq qabul qilinadi.

Eron va AQSH keskinlashuvi

Ikki davlat o‘rtasidagi mojaro fonida, 2025-yil 15-iyun kuni kechki paytdan boshlab AQSh sharq tomonga, ya’ni Atlantika okeani orqali, 30 dan ortiq KC-135 va KC-46 yoqilg‘i quyuvchi samolyotlarni jo‘natdi. Xabarga ko‘ra, bu samolyotlar AQShning materikdagi harbiy bazalaridan jo‘natilgan.

Bundan tashqari, AQSh prezidenti Donald Tramp AQSh harbiy havo kuchlari Eron hududidagi uchta yadro obyektiga muvaffaqiyatli zarba berganini e’lon qildi. Uning bayonotiga ko‘ra, Fordo, Netenz va Isfahon shaharlaridagi obyektlar to‘liq yo‘q qilingan.

Trampning bayonotida qayd etilishicha, asosiy nishon bo‘lgan Fordo obyekti ustiga AQSh harbiy samolyotlari to‘liq bomba yukini tashlagan.

AQSH zarbalarining ertasi kuni, 23-iyunda Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan mazkur masalalar yuzasidan uchrashuv o‘tkazdi.

Rossiya – Eron uchrashuvidan so‘ng esa AQSH prezidenti Isroil va Eron o‘rtasida 12 kunlik urushga yakun yasovchi sulhga erishilganini e’lon qildi.

Eronning Press TV telekanali Isroil tomonidan berilgan bir nechta raketa zarbalaridan so‘ng, ikki davlat o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish rejimi kuchga kirganini e’lon qildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Trampning AQSH zarbalaridan so‘ng Fordo yadroviy obyekti to‘liq vayron bo‘lganini ma’lum qilgani haqida yozgandi.