
O‘zbekiston va Yaponiya kompaniyasi biogazdan metan olish bo‘yicha ilg‘or sinov loyihasini amalga oshiradi. Bu haqda Ekologiya vazirligi xabar berdi.
Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov hamda yapon kompaniyasi bosh direktori Xaruki Yamasaki loyihaning asosiy yo‘nalishlari va ustuvor maqsadlarini muhokama qildi. Le One Co., Ltd kompaniyasi $4 millionlik grantni qo‘lga kiritgan. Bu mablag‘ NEDO – Yaponiya energetika va sanoatni rivojlantirish tashkiloti tomonidan ajratilgan.

Loyihaga ko‘ra, biologik chiqindilarni qayta ishlash orqali biogazdan yuqori sifatli metan ishlab chiqarish bo‘yicha tajriba zavodi barpo etiladi. Bu zavod bir vaqtning o‘zida bir nechta vazifani bajaradi. Chiqindilar xavfsiz yo‘q qilinadi va issiqxona gazlari miqdori kamaytiriladi. Shu bilan birga, biogumus ishlab chiqariladi hamda chuqur tozalovchi ilg‘or texnologiyalar joriy qilinadi.

Bu tashabbus nafaqat ekologik muammolar yechimiga xizmat qiladi, balki energiya tejovchi yangi modelni ham shakllantiradi. Ayni paytda loyiha O‘zbekistonning kam uglerodli iqtisodiyot sari intilishiga mos ravishda barqaror rivojlanish maqsadlariga xizmat qiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan metan bilan oziqlanuvchi yangi dengiz o‘rgimchaklari topilgani haqida yozgandi.
Bu o‘rgimchaklar o‘z tanasida yashovchi bakteriyalar bilan simbiozda yashaydi. Bakteriyalar metan gazidan energiya hosil qiladi, o‘rgimchaklar esa ularni iste’mol qilib oziqlanadi.
Olimlar bu holat o‘rgimchaklarda birinchi bor kuzatilayotgan o‘ziga xos oziqlanish turi ekanini aytmoqda. Yangi topilgan Sericosura turiga mansub o‘rgimchaklar juda kichik, atigi bir santimetr bo‘lib, Kaliforniya va Alyaska suvlarida topilgan.