Pensiya yoshi oshirilayotgani haqidagi xabarlar rad etildi

Ijtimoiy tarmoqlardagi O‘zbekistonda pensiya yoshini oshirish rejalashtirilayotgani haqida xabarlar rad etildi. Bu haqda Pensiya jamg‘armasi rasmiy bayonot berdi.
«Bugungi kunda O‘zbekistonda pensiya yoshini oshirish bo‘yicha hech qanday yakuniy qaror qabul qilinmagan», – deyiladi xabarda.
Jamg‘arma ma’lumotiga ko‘ra, pensiya tizimini isloh qilish doirasida xalqaro ekspertlar tomonidan berilgan takliflar ayni paytda O‘zbekiston sharoitiga mosligi, aholining turmush darajasiga ta’siri va iqtisodiy oqibatlari nuqtai nazaridan tahlil qilinmoqda.
Pensiya tizimiga oid istalgan o‘zgarish, jumladan, pensiya yoshi bilan bog‘liq masalalar keng jamoatchilik muhokamasi asosida, xalq fikri va manfaatlarini inobatga olgan holda, bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda pensiya oluvchilar soni besh oyda 88,4 ming nafarga oshgani haqida yozgandi.
Jamg‘arma ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning besh oyi davomida mamlakatda pensiya oluvchilar soni 4 million 104 ming 453 nafardan 4 million 192 ming 900 nafarga yetdi. Bu esa 88 ming 447 nafarga o‘sishni anglatadi.
Shuningdek, 1-iyuldan boshlab aholining ijtimoiy muhofazasini kuchaytirishga qaratilgan moliyaviy yordamlar miqdori oshiriladi. Yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori oyiga 918 ming so‘m bo‘lib belgilanmoqda.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda pensiya yoshi shu paytgacha o‘zgartirilmagan. Ya’ni erkaklar 60 yoshda, ayollar 55 yoshda pensiyaga chiqadi. Bu sobiq SSSR hududiga kirgan davlatlar orasida kamdan-kam uchraydigan holat. Ammo pensionerlar soni ham ko‘payib bormoqda, budjetda esa pul unchalik ko‘p emas. Shuning uchun pensiya tizimini qayta ko‘rib chiqish vaqti keldi, degan fikrlar ko‘payib bormoqda.
Kursiv Uzbekistan ekspertlar bilan birgalikda pensiya tizimi nima uchun o‘zgarishga muhtojligini tahlil qildi.