Toshkentda baliqni ushlagan 22 yoshli yigit ayolni haqorat qilgani uchun javobgarlikka tortildi

eʼlon qilindi
«Mayda bezorilik» bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtirildi
Toshkentdagi istirohat bog‘ida baliqni ushlagan 22 yoshli yigit ayolni haqorat qilgani uchun javobgarlikka tortildi. Foto: Videodan olindi

Toshkentdagi istirohat bog‘ida baliqni qo‘li bilan hovuzdan ushlab olgan yigit unga e’tiroz bildirgan ayolni haqorat qilgani yuzasidan javobgarlikka tortildi.

Ichki ishlar organlari ma’lumotiga ko‘ra, hodisa 23-iyun kuni taxminan soat 22:00 da Mirzo Ulug‘bek tumanidagi istirohat bog‘laridan birida yuz bergan.

Video: Ijtimoiy tarmoqlar

2003-yilda tug‘ilgan fuqaro hovuzdagi baliqni qo‘li bilan tutib olgan. Uning bu harakatiga 2000-yilda tug‘ilgan ayol norozilik bildirgan va baliqni suvga qaytarishni so‘ragan. Biroq 22 yoshli yigit ayolga nisbatan jamoat joyida uyatsiz so‘zlar bilan javob qaytargan.

Mazkur holat yuzasidan unga nisbatan «Mayda bezorilik» bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtirildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentda fuqaro Nil timsohini noqonuniy saqlayotgani aniqlangani haqida yozgandi. Natijada fuqaro Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 921-moddasi 1-qismiga asosan javobgarlikka tortilib, uning nomiga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.

Holat yuzasidan tuzilgan hujjatlar sud organlariga yuborilgan. Aniqlangan Nil timsohi esa Toshkent hayvonot bog‘iga topshirilgan.

Shuningdek, Toshkentda haydovchi mushukni avtomobildan uloqtirgani uchun javobgarlikka tortilgandi.

Aniqlanishicha, voqea 15-iyun kuni Toshkent shahrining Mirobod tumanida yuz bergan. Fuqaro «Nexia» rusumli avtomashinasida harakatlanayotgan vaqtda mushukni avtomobil oynasidan yo‘lning qatnov qismiga uloqtirib yuborgan. So‘ng harakatda davom etgan.

Ushbu harakat yuzasidan fuqaroga nisbatan «Hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish» bo‘yicha ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.

Buxoro viloyatida esa O‘zbekiston «Qizil kitobi»ga kiritilgan bo‘z echkiemar hayvoniga nisbatan shafqatsiz muomala qilgani uchun 20 yoshli yigit ma’muriy javobgarlikka tortildi.

Shuningdek