Yangiliklar

Toshkentdagi tarixiy yodgorlik kanalizatsiya yotqizish vaqtida buzib tashlandi

Aybdorlar 7 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin
Bu 27 milliard so‘m zarar yetkazilishiga olib keldi. Foto: RBK Ufa

Toshkentda qurilish ishlari vaqtida ming yildan oshiq tarixga ega «Xonobodtepa» arxeologik yodgorligiga zarar yetkazildi. Bu haqda Bosh prokuratura xabar berdi.

Kanalizatsiya yotqizish bilan shug‘ullangan kompaniya 257 metr uzunlikdagi quvurni to‘g‘ridan to‘g‘ri yodgorlik hududidan o‘tkazgan. Natijada deyarli 1000 kub metr yer buzilib, 27 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgan.

Bundan tashqari, ekskavator yordamida yana 160 kub metr yer qazilgan bo‘lib, bu esa qo‘shimcha 4,5 mlrd so‘mlik zarar keltirgan.

Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Aybdorlar 7 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Samarqanddagi ko‘chalardan biriga Rim nomi berilgani haqida yozgandi.