
Xiaomi kompaniyasi o‘tgan yilgi Xiaomi 14T seriyasining davomchisi sifatida Xiaomi 15T va 15T Pro smartfonlari ustida ish olib bormoqda. Bu haqda Gizmochina ma’lum qildi.
Xabarlarga ko‘ra, Pro versiya 50 megapikselli OmniVision OVX9100 asosiy kamera va 50 megapikselli Samsung JN5 telefoto kamerasi bilan jihozlanadi. Ushbu kameralar Xiaomi 15 modelida ham mavjud. Ularga 13 megapikselli ultrakeng burchakli OV13B sensorli modul hamrohlik qiladi. Selfi uchun esa Samsung S5KKDS oldi kamera ishlatiladi.
Kutilishicha, Xiaomi 15T Pro 5500 mA/soat sig‘imli akkumulyator va 90 vattli tez zaryadlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Oddiy 15T modeli ham ayni sig‘imdagi batareyaga ega bo‘ladi, biroq uning tez zaryadlash imkoniyati 67 vatt bilan chegaralanadi.
Kamera xususiyatlariga kelsak, Xiaomi 15T modelining kamerasi deyarli Pro versiyadagi kabi bo‘lishi kutilmoqda. Faqatgina asosiy kamera 50 megapikselli OVX8000 sensor bilan almashtiriladi.
Yangi modellarning taqdimoti kuzda bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xiaomi yangi Poco F7 smartfonini taqdim etgani haqida yozgandi. Qurilma dizayni esa nothing uslubida, zamonaviy va futuristik.
Poco F7 6,83 dyuymli AMOLED ekran bilan jihozlangan. Ekran 1,5K aniqlikka, 120 Gts yangilanish chastotasiga ega va 3200 nit yorug‘lik darajasini ta’minlaydi. Ramkalar juda ingichka.
Smartfon Snapdragon 8s Gen 4 chipida ishlaydi. Bu chip AnTuTu testida 2 milliondan ortiq ball to‘plagan. Uning quvvati flagman darajasidagi Snapdragon 8 Gen 3 bilan teng. Genshin Impact kabi o‘yinlarda 120 kadr/soniya tezlikda ishlaydi.