Avto

Xiaomi YU7’ning test-drayv videosi muddatidan oldin e’lon qilindi

Video aslida 26-iyun kuni soat 22:00 da (Xitoy vaqti bilan) chiqishi kerak edi
Xiaomi YU7’ning test-drayv videosi muddatidan oldin e’lon qilindi / Foto: CarNewschina

Xitoyda mashhur bo‘lgan «Ikkinchi aka» taxallusli avtomobil blogeri Xiaomi YU7 avtomobili test drayv videosini rasmiy taqdimotdan oldin tasodifan internetga joylashtirib yubordi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.

Video aslida 26-iyun kuni soat 22:00 da (Xitoy vaqti bilan) chiqishi kerak edi, ammo 10:00 da noto‘g‘ri e’lon qilinib yuborilgan. Unda YU7’ning tashqi ko‘rinishi, saloni va HUD funksiyasi ko‘rsatilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda bu holat katta muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ayrim foydalanuvchilar bloger 5 mln yuan (taxminan $695 ming) jarimaga tortilishi mumkinligini yozmoqda.

Garchi original video tezda o‘chirilgan bo‘lsa-da, boshqa blogerlar uni nusxalab, turli platformalarda tarqatishni boshlab yubordi.

Xiaomi YU7 avtomobili / Foto: CarNewschina

Yashirin videoda bir qiziqarli funksiyaga ham aniqlik kiritildi – YU7 tashqi ovozli boshqaruvga ega. Bu funksiya yordamida foydalanuvchi avtomobil tashqarisidan turib ba’zi buyruqlarni bera oladi, masalan, old bagajni ovoz orqali ochish mumkin.

Xiaomi asoschisi Lei Jun 24-iyun kuni Weibo sahifasida bu texnologiya haqida ma’lumot bergandi. Unga ko‘ra, YU7’da 8 ta mikrofon va bitta tashqi karnay mavjud. Tizim xavfsizlik uchun ovozni va kalitni birgalikda tekshiradi.

Xiaomi YU7 – Tesla Model Y bilan raqobatlasha oladigan yuqori unumli SUV. Uning rasmiy taqdimoti 26-iyun kuni soat 19:00 da bo‘lib o‘tadi. Model Standard, Pro va Max versiyalarda sotuvga chiqadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Xiaomi YU7 elektromobili 26-iyun kuni taqdim etilishi haqida yozgan edi.