
Xitoyda Apple kompaniyasi davlat subsidiya dasturiga qo‘shildi. Natijada kompaniyaning bir nechta mahsulotlarini xarid qilganlar chegirma oladi. Bu haqda iPhones.ru nashri xabar berdi.
Endi Pekin va Shanxay shaharlarining aholisi Apple’ning ayrim qurilmalari – iPhone, iPad, Apple Watch hamda MacBook’ni xarid qilganda, 2000 yuangacha (taxminan $278) chegirmaga ega bo‘lishlari mumkin.
Shanxayda bu imtiyoz faqat sakkizta rasmiy Apple do‘konida amal qiladi, Pekinda esa subsidiya Apple’ning rasmiy onlayn do‘koni orqali beriladi, mahsulot esa mahalliy manzilga yetkazib beriladi.
Chegirmalar mahsulot narxiga qarab belgilanadi. Qiymati 6000 yuangacha bo‘lgan qurilmalarga 500 yuangacha, ba’zi Mac modellariga esa 2000 yuangacha chegirma qo‘llaniladi. Bu dastur Apple’ning Xitoy bozoridagi pozitsiyasini mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Meta va Apple Perplexity sun’iy intellekt startapiga qiziqish bildirayotgani haqida yozgandi.